Prezidentlar Qirg‘izistondagi siyosiy inqiroz bo‘yicha qo‘shma bayonot berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston Respublikalari Prezidentlari Qirg‘izistonda ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Bayonot Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti saytida e’lon qilindi. 

“Qardosh Qirg‘izistonda sodir bo‘layotgan voqealar bizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik, umumiy madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan yaqin qo‘shnilar sifatida biz ushbu qiyin kunlarda Qirg‘iziston xalqini mamlakatda tinchlikni saqlash va barqarorlikni tiklash uchun o‘ziga xos bo‘lgan donolikni namoyon etishga chaqiramiz.

Qirg‘izistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoatchilik doiralari tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, Konstitutsiya va milliy qonunchilikka so‘zsiz rioya qilish bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishiga umid bildiramiz.

Qirg‘izistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omilidir.

Mamlakatlarimizning o‘tmishi bir, ular umumiy kelajakni barpo etmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarini tarixiy jihatdan kelajak avlodlar farovonligi uchun barqaror tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik istagi birlashtiradi.

Mushtarak maqsadlarga intilgan holda, davlatlarimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni, chegaraoldi va hududlararo sheriklikni kengaytirish uchun mintaqaviy hamkorlikni faol ravishda mustahkamlamoqda.

Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yo‘lidan borar ekanmiz, biz Qirg‘iziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qo‘llab-quvvatlaymiz"

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing