Prezident atrofidagilar niqobga qaytmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda xodimlari koronavirus pandemiyasi xavfi tufayli yana niqob taqish rejimiga qaytmoqda. Bu kecha, 27 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishuvida yanada yaqqol aks etgan. 

Gap shundaki, Prezident Administratsiyasi bo‘lib o‘tgan taqdimotda Administratsiya raisi Zaynilobiddin Nizomiddinov, rais o‘rinbosari Sherzod Asadov, Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, vazir o‘rinbosarlari Aziz Voitov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va bir qator mas’ul rahbarlar ishtirok etgan. Suratlarda Prezident Mirziyoyev atrofidagi barcha rahbarlar niqobda turganini ko‘rish mumkin. 

Prezident ishtirokida oxirgi o‘tkazilgan marosimlar – Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tashrifi doirasidagi tadbirlarda Prezident atrofidagi birorta amaldor, vazir va idoralar rahbarlari niqob taqqani ko‘rinmagan. Prezident atrofidagilarning yana niqobga qaytayotgani esa mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olayotganini anglatayotgandek. 

Ma’lumki, iyun oyining ikkinchi yarmida O‘zbekistonda ham koronavirus kasalligiga chalinish holatlari ortib bormoqda. Bemorlar soni bo‘yicha, ayniqsa, Toshkent shahri peshqadamlik qilmoqda. 26 iyun kuni mamlakatda 133 kishida koronavirus xastaligi aniqlangan bo‘lsa, shundan 47 nafari Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

26 iyun holatiga ko‘ra, ayni paytda 4000 o‘ringa mo‘ljallangan Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus tashxisi qo‘yilgan va kasallikka gumonlangan 900 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. 93 nafar bemor esa jonlantirish bo‘limida davo muolajalarini olyapti. Ayni paytda muassasaga kuniga o‘rtacha 70-80 nafar bemor murojaat qilib, ularning 25-30 nafari gospitalizatsiya qilinyapti. 

Aslida O‘zbekistonda joriy yilning 1 martidan boshlab fuqarolarning niqob taqishi majburiyligi istisno qilingan edi va ixtiyoriylik tartibiga o‘tkazilgandi. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida epidemik vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolarning ijtimoiy masofani saqlash qiyin bo‘lgan joylari (jamoat transporti, metro, avtobus, tramvay, yirik savdo do‘konlari, bozorlar, ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat idoralarda, masjid, sport majmualarida, teatr, kinoteatr, muzey, san’at saroyi va maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari)da niqob taqish majburiyligini istisno qilindi. Niqob taqish haqidagi talab faqat tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

128

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing