Prezident jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga oid qarorni imzoladi
Jamiyat
−
14 dekabr 2019
8449O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 13 dekabr kuni “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarornim imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori
Ma’lumki, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash demokratik huquqiy davlat barpo etishning bosh mezoni bo‘lib kelmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun ham hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida mehnat qilayotgan insonlar, birinchi navbatda, rahbar xodimlar, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etishi, bu qoidalarga butun jamiyat a’zolari qat’iy amal qilishi shart bo‘lgan muhitni yaratish g‘oyat muhim va dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Mamlakatimizda jadal sur’atlar bilan olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar negizida, avvalambor, Konstitutsiyamizda belgilangan davlat organlarining xalq manfaatlariga xizmat qilishi lozimligi haqidagi qoidani amalda tatbiq etishdek ezgu maqsad mujassam ekani ham aynan shuni taqozo etmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun ko‘plab yangi qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilinayotgani muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Ayni vaqtda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash qonun buzilishi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarga qarshi samarali kurashishni
hamda bunday holatning barvaqt oldini olishga qaratilgan ta’sirchan tizimni shakllantirishni talab etmoqda.
Qonuniylikni mustahkamlashda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu har bir shaxsda qonunlarga, inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni hamda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishni kun tartibiga eng asosiy masala qilib qo‘ymoqda.
Shu bilan birga, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratining ta’sirchan shakllarini joriy etish, ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga har qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaslik ham alohida ahamiyatga egadir.
Amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini kuchaytirish, qonun ustuvorligini so‘zsiz ta’minlash, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishda jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish hamda bu jarayonda ommaviy axborot vositalari ishtirokini kengaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda belgilab berilgan vazifalarga muvofiq Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Dasturni amalga oshirishning asosiy maqsadi etib quyidagi pirovard natijalarga erishish belgilansin:
Konstitutsiya va qonun ustuvorligini, davlat organlari qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari qonunlarga to‘liq muvofiq bo‘lishini ta’minlash, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish;
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, huquqiy axborotni zamonaviy usullar orqali keng ommaga yetkazish, har bir fuqaro va mansabdor shaxslarda Konstitutsiya va qonunlarga hurmat hissini shakllantirish;
Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish;
odil sudlov tizimini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining obro‘sini oshirish va chinakam mustaqilligini ta’minlash;
davlat va jamiyat boshqaruvida, davlat organlarining kundalik faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xalq manfaati yo‘lida xizmat qiladigan idoralarga aylantirish;
Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida yanada mustahkamlash, mulk daxlsizligini kafolatlash.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) 2020 yil 1 martdan boshlab:
aholi maskanlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash va obodonlashtirish, shuningdek, ularda kompleks qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga oid qarorlar dastlab o‘sha hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkaziladi;
jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish haqidagi hujjatlar qabul qilinganidan (rasmiylashtirilganidan) keyin bir kun muddatda tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi;
b) 2020 yil 1 apreldan boshlab:
shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan so‘ng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a’zolaridan birini, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyat yuklanadi;
v) 2020 yil 1 iyuldan boshlab huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qo‘llash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.
4. Qonunlar ijrosini ta’minlashning samaradorligini oshirish yuzasidan:
a) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish hamda qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilib borish, qabul qilingan qonunlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish ishlarini takomillashtirish va kuchaytirish tavsiya etilsin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishda qonunlarning bir xil va to‘g‘ri qo‘llanilishi holatlarini o‘rganish yuzasidan sud amaliyotini har chorakda umumlashtirib borish, zaruratga ko‘ra tegishli Plenum qarorlarini qabul qilish tavsiya etilsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunlar ijrosining maqsadli va kompleks o‘rganilishini hamda uning natijalarini reja asosida har chorakda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida muhokama qilib borilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin:
prokuror, surishtiruvchi yoki tergovchining jinoyat ishini qo‘zg‘atish, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish, taftish tayinlash, surishtiruv yoki dastlabki tergovni to‘xtatish va jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan bevosita sudga shikoyat qilish;
sud ishlarini hal etishga aralashish, jumladan ishning har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish, adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda ta’sir o‘tkazish holatlari bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi (A. Saidov):
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, 2020 yil
1 martga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, har bir soha va tarmoq bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan hamda zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha kompleks dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
jamoatchilik nazorati sohasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy qilish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga 2020 yil 1 mayga qadar nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha eng yaxshi takliflarning davlat granti tanlovlarini o‘tkazish tavsiya etilsin.
7. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020 yil 1 mayga qadar xalqaro tashkilotlar, jamoatchilik, soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida keng muhokama qilish orqali quyidagilarni nazarda tutuvchi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin:
O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining to‘liq bajarilishini ta’minlash;
fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish;
inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa kompleks choralar tizimini yaratish;
qonunchilikka va davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliy faoliyatiga inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirish;
aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va ma’rifat tarqatish, ta’lim berish faoliyatini tashkil etish;
inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi:
2020 yil 1 iyulga qadar ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini ta’minlash, davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari)dan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, jurnalistlarning o‘z kasbiy faoliyatiga oid majburiyatlari belgilanishini nazarda tutuvchi “Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida”gi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2020 yil 1 martga qadar barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, ularda jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Adliya vazirligi, Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar mavqeini tubdan oshirish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjati loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:
Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Advokatlar palatasi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish orqali ushbu tuzilmaning roli va ahamiyatini yanada oshirish;
tergovchi, prokuror va sud tomonidan davlat hisobidan advokatlarni jalb qilish mexanizmini xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish;
advokatlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar belgilash.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2020 yil 1 martga qadar:
aholiga, ayniqsa, yoshlarga ularning huquqlarini tushuntirishda amaliy, ta’sirchan va innovatsion mexanizmlarni qo‘llashni nazarda tutuvchi Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2020–2021 yillarda samarali amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
qonunchilikni yangilash va tizimlashtirish bo‘yicha yangi tizimni yaratish yuzasidan takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar rahbarlari:
Dasturda belgilangan tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini, unda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qonunchilik va amaliyotni chuqur tahlil qilgan holda hamda rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida ishlab chiqilishini va keng jamoatchilik o‘rtasida, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinishini;
Dasturning amalga oshirilishi holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga har chorakda axborot taqdim etib borilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Dasturda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi holatini doimiy monitoring qilib borsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga monitoring natijalari to‘g‘risida har chorakda axborot kiritib borilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari
hamda Internet tarmog‘ida keng yoritilishini tashkil etsin.
14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 13 dekabr
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr