Prezident Jaloliddin Manguberdi yodgorligi ochilishida qatnashdi
Jamiyat
−
29 avgust 2022
6824Bugun, 29 avgust kuni Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Marosimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda haykalni ochdi. Davlat madhiyasi yangradi.
Mamlakat rahbari o‘z nutqida sarkardaning shaxsiyati, tarixda tutgan o‘rnini alohida e’tirof etdi.
“Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, shu yo‘lda aziz jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Jaloliddin 1198 yilda tug‘ilgan va qisqa umri davomida tarixda unutilmas iz qoldirgan qahramon shaxsdir. U mo‘g‘ullar qo‘shini dahshatidan hamma o‘zini olib qochgan paytda, atigi 21 yoshida qo‘rqmasdan maydonga chiqqan. 11 yil davomida mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi 300 dan ortiq janglarda ishtirok etib, ularni titratgan. Hatto Chingizxondek buyuk hukmdor ham uning matonatini ko‘rib: “Bunday qahramon farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deb tan bergan. Jasur shahzoda taqdirning qaltis sinovlarini mardona yengib o‘tib, 32 yoshda xoinlar qo‘lida halok bo‘lgan.
Sulton Jaloliddin jangovar faoliyati bilan nafaqat o‘z yurtini, balki dunyodagi o‘nlab mamlakatlarni ham bosqinchilar hujumidan himoya qilgan. Uning nomi, o‘lmas jasorati xalq orasida, turli millat va elatlar o‘rtasida afsonaga aylangan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, uning xotirasi abadiylashtirildi. Tavallud sanalari munosib nishonlandi. Mamlakatning yuksak mukofotlaridan biri – Jaloliddin Manguberdi ordeni ta’sis etildi. Uning faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy va badiiy asarlar yaratildi. Jumladan, turkiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda “Mendirman, Jaloliddin!” nomli ko‘p qismli tarixiy film suratga olindi. Ulug‘ sarkardaga munosib vatanparvar o‘g‘lonlarni tarbiyalash maqsadida Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi nomida harbiy akademik litsey tashkil etildi.
Xorazm markazida barpo etilgan yodgorlik majmuasi shunday tarixiy ishlardan biridir. Bu tashabbusni Prezidentimiz 2018 yilda ilgari surgan edi. Haykalning joyi, ko‘rinishi va mazmuni tarixchi olimlar, san’atshunoslar va quruvchilar ishtirokida chuqur muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari uni qurilish mobaynida ham bir necha bor kelib ko‘rdi.
Shu tariqa, bo‘yi 25 metrni tashkil etadigan mahobatli haykal barpo etildi. Unda Jaloliddin Manguberdi tulpor jilovini mahkam tutib, el-yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan.
Haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi o‘rnatildi. Eron hududidan topilgan, og‘irligi 32 kilogramm, balandligi 30 santimetr bo‘lgan bu toshda Qur’oni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdining shajarasi, yodgorlikning yaratilish tarixi yozilgan. Uning asli hozirgi kunda Londondagi mashhur Britaniya muzeyida saqlanadi. Bu ham buyuk ajdodimizning jahon tarixidagi beqiyos shuhratidan dalolat beradi.
Majmua o‘rin olgan qariyb 8 gektar maydonda, Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu maydon ostidan o‘tadigan avtomobil tunneli barpo etildi. Hududga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gullar va butalar ekildi.
Bu maydon Xorazmning kun sayin o‘zgarib, chiroy ochib borayotgan qiyofasiga yana bir ko‘rk bo‘ldi. Xususan, o‘tgan besh yilda viloyatda barcha tuman markazlari, 100 ga yaqin qishloq va mahallalar obod qilindi. Sayyohlar uchun 80 ta yangi mehmonxona qurildi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yo‘l yetib bordi va yangi vokzal ishga tushirildi. 2024 yilda bu yerga “Afrosiyob” tezyurar poyezdini olib kelish rejalashtirilgan. Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Xiva shahrining 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilinishi bu sa’y-harakatlarning munosib e’tirofi bo‘ldi.
Bularni izchil davom ettirgan holda, mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun har tomonlama jozibador “Xorazm” turistik brendini yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Jaloliddin Manguberdi majmuasi tarixni ifoda etishi, so‘limligi va qulayliklari bilan turizmda ham alohida o‘rin tutadi.
Prezident buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish zarurligini ta’kidladi.
Xususan, shunday izlanishlar tufayli Turkiyaning Silvan shahrida uning qabri topildi. Davlat rahbari turk qardoshlar bilan birga u yerda ramziy maqbara bunyod etish taklifini bildirdi.
Fidoyi olim va adiblarning ilmiy-ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, Jaloliddin Manguberdining qahramonlik tarixini to‘laqonli yoritib beradigan ilmiy ensiklopediya yaratish muhim vazifa ekani qayd etildi.
“Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi. Ishonaman, oradan yillar, asrlar o‘tadi, Sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning o‘chmas timsoli bo‘lib qoladi”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Marosimda xorazmlik nuroniy va ziyolilar, harbiy xizmatchilar ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni tabrikladi.
Milliy gvardiyaning Faxriy qorovul tarkibi “Jaloliddin Manguberdi” marshi sadolari ostida haykal oldidan tantanali yurib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jaloliddin Manguberdi bitiktoshiga gulchambar qo‘ydi.
Marosim vatanparvarlik ruhidagi konsert dasturi bilan davom etdi.