Prezident jahon chempioniga avtomobil sovg‘a qildi
Sport
−
27 Oktabr 10064 1 daqiqa
Kecha, 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida og‘ir atletika bo‘yicha Norvegiyada o‘tkazilgan jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Sport vazirligi, MOQ va mamlakat Og‘ir atletika federatsiyasi rahbariyati ishtirok etgan ushbu marosimda dunyo birinchiligida 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, -110 kg vazn toifasida mutlaq chempionlikka erishgan Akbar Jo‘rayev hukumatning tegishli qarori asosida Prezident sovg‘asi – BYD avtomobili hamda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan Ruslan Nuriddinov va boshqa sportchilarning murabbiylariga ham pul mukofoti topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiyada o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha 2025 yilgi jahon chempionatini O‘zbekiston umumjamoaviy medallar jamg‘armasi bo‘yicha Xitoy hamda Janubiy Koreya bilan birga 5-o‘rinda yakunlagandi.
Jahongir Inomjonov