Prezident yuragidagi armoni va buyuk niyatlarini oshkor qildi
Jamiyat
−
31 avgust 2020
11420Bugun, 31 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlat rahbari o‘z nutqida maktab ta’limiga, xususan, matematika faniga jiddiy e’tibor berish kerakligini aytib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev birgina matematikani bilish, hosilga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishini urg‘uladi.
“Matematikani bilgan bola maktabni yaxshi tamomlasa, agar u traktorchi bo‘lsa, shudgor ham yaxshi bo‘ladi. O‘sha joyda paxta 5 sentnerga, g‘alla 10 sentnerga ko‘p bo‘laadi. Agar bitta matematikani bilsa.
Bizda matematikani o‘rgatyaptimi? Matematika domlasini e’zozlayapmizmi? Bizning qanday buyuk avlodlarimiz bor edi. Qanday geolog-akademiklarimz bor edi. Qani u maktablar? Kim bizning oyog‘imizga kishan qo‘ydi? Kim akademiklarni quvdi? Buni tarix hech qachon unutmaydi.
Men yuragimdagi armonlarni, aytyapman. Biz o‘qigan payt maktab o‘qituvchisi kelsa, chetga chiqib, salom berar edik. Hozir bu bormi? Ming afsus, yo‘q. Kim bizga buni o‘rgatdi? Qayerdan o‘rnak olyapmiz? Bizga bu illat yarashmaydi. Millatimiz bunday yasholmaydi”, deya ta’kidladi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom etib, hozir maktabga e’tibor berilsa, 15-20 yildn keyin yana Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino va Beruniydek zukko avlod yetishib chiqishini alohida aytib o‘tdi.
“Bu gaplarni buyuk bayramimiz va qiyin vaqtlarda bejizga aytmayapman. Yuragimdagi armonimni, yuragimdagi buyuk niyatlarimni aytyapman. Hammamiz birlashib, maktab ostonasini “siz” desak, albatta, buyuk renessansga erishamiz. Vaqtlar o‘tadi, hammamiz ham o‘tib ketamiz. 10 yil, 15-20 yil o‘tadi. Hozirgi 1-sinfdagi bolamiz, albatta, Ulug‘bek, ibn Sino, Beruniy bo‘ladi. Men bunga ishonaman”, deya so‘zini yakunladi Prezident.