Prezident yoshlarga oid yana bir qarorni imzoladi

Jamiyat

image

Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda respublikada ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda, iqtidorli yoshlarni nufuzli milliy hamda xalqaro olimpiadalar, musobaqalar va tanlovlarda salmoqli natijalarga erishishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish, iqtidorli talabalar, yosh olimlar va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Shu bilan birga, yosh iqtidor sohiblarini innovatsion tadbirkorlik sohasiga tizimli jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, shu jumladan:

iqtidorli yoshlarni ishbilarmonlar va yetakchi olimlar bilan hamkorlikda ish yuritishi uchun yagona tizim yaratish va shu asosda ilm-fan sohasida yosh kadrlar yetishtirish tizimining uzviyligini ta’minlash;

ishlab chiqarish sohasiga yuqori texnologiyalarni tatbiq etish va ilmiy tadqiqotlarga yoshlarni jalb etish hamda ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun platformalar yaratish talab etilmoqda.

Iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jonlantirish, mamlakat ilm-fanining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshliligini ta’minlash, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini yanada mustahkamlash hamda ularning innovatsion salohiyatini rivojlantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining:
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasini (keyingi o‘rinlarda – Yoshlar akademiyasi) yuridik shaxs maqomisiz tashkil etish;
Yoshlar akademiyasiga rahbarlikni O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosariga yuklash;

Yoshlar akademiyasiga o‘zlarining innovatsion loyihalari va g‘oyalariga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalarni tanlov asosida qabul qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Yoshlar akademiyasining jamoalari a’zolari Yoshlar akademiyasi a’zolari hisoblanadi.

2. Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;

iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularning mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini ta’minlash;

ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;

ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish;
yoshlarning startap loyihalarini xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish;

iqtidorli yoshlarning rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;

xalqaro va mahalliy darajada e’tirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tugatilsin va uning 5 ta shtat birligi amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan holda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimiga o‘tkazilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida vazirlikka o‘tkazilayotgan shtat birliklari hisobidan Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etilsin va u Yoshlar akademiyasining ishchi organi etib belgilansin.

4. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining Vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarga tegishli yuridik shaxslarning innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari jami mablag‘larining yiliga 10 foizi miqdoridagi mablag‘larini har yili Jamg‘armaga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

7. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
mazkur qarorning 6-bandida ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lar;

Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashining qaroriga asosan yo‘naltirilayotgan mablag‘lar qismi;

Yoshlar akademiyasi Vasiylik kengashi a’zolari – xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat ulushi mavjud korxonalar va boshqa tashkilotlar, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

Yoshlar akademiyasi a’zolari tomonidan innovatsion, amaliy va startap loyihalar natijalari asosida tayyorlangan innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirishdan olinadigan daromadlarning bir qismi;

xalqaro moliyaviy institutlar, donorlarning grantlari va kreditlari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozit hisoblariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

Yoshlar akademiyasiga biriktirilgan bino va inshootlarni ijaraga berishdan olingan tushumlar;

tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar doirasida olingan daromadlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilsin:

innovatsion, amaliy va startap loyihalarni moliyalashtirishga, shu jumladan, ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etishga, ilg‘or texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga;

Yoshlar akademiyasi faoliyatini tashkil etish, xorijiy va mahalliy yetakchi olimlar, mutaxassislar hamda vatandoshlarni belgilangan tartibda jalb qilishga;

iqtidorli yoshlarni rivojlangan davlatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida малака oshirishlariga, nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalarni chop etish, shuningdek, xorijiy va mahalliy patentlash xarajatlarini qoplashga;

ilmiy-amaliy tadbirlar (simpozium, konferensiya, seminar, trening, davra suhbatlari, master-klasslar va boshqalar) tashkil etish hamda xalqaro ilmiy-amaliy tadbirlarda qatnashishga;

Yoshlar akademiyasining mazkur qarorda belgilangan asosiy vazifalarini ro‘yobga chiqarishga.

9. Belgilab qo‘yilsinki:

Jamg‘arma tomonidan Yoshlar akademiyasi faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish Vasiylik kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi;
Yoshlar akademiyasi a’zolarining loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–5466-son Farmoni asosida ajratilgan mablag‘lar doirasida o‘rnatilgan tartibda moliyalashtiriladi;

Yoshlar akademiyasi a’zolarining malakasini oshirish va ularni xorijiy stajirovkalarga yuborish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi dasturlari doirasida buyurtmaga asosan amalga oshiriladi;

davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan yosh olimlar ilmiy-texnik loyihalari Yoshlar akademiyasi a’zolari tomonidan amalga oshiriladi.

10. Iqtidorli yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yoshlar akademiyasi” faoliyatiga 2019-2020 yillarda jalb etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov tasdiqlanayotgan “Yo‘l xarita”sida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarishga shaxsan mas’ul etib belgilansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Yoshlar akademiyasi a’zolarining ilmiy-ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida 2020 yilning 1 apreliga qadar quyidagi platformalarni tashkil etsin:

“G‘oyalar generatorlari” – Yoshlar akademiyasining asosiy yo‘nalishlariga tegishli bo‘lgan ma’lum bir muammoning yechimiga qaratilgan innovatsion g‘oyaga ega jamoalar platformasi;

“Startaplar” – o‘z g‘oyasi va ushbu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan startap loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejaga ega jamoalar platformasi;

“Biznes vakillari” – faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo‘llagan va tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega bo‘lgan jamoalar platformasi;

“Bo‘lajak akademiklar” – yuqoridagi platformalarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan yuqori ilmiy salohiyatga ega olimlar platformasi.

Belgilansinki, Yoshlar akademiyasi faoliyati doirasida mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellash va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalari amalga oshiriladi.

12. Yoshlar akademiyasi a’zolari uchun zamonaviy infratuzilmaga ega sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi, Ilg‘or texnologiyalar markazi va “Yashnobod” innovatsion texnoparkining binolari, laboratoriyalari, akseleratori va kovorking markazlarini Yoshlar akademiyasiga bepul foydalanish uchun ajratsin;

2020 yil 1 yanvarga qadar Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda Yoshlar akademiyasining a’zolariga dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribasi asosida Toshkent viloyati Nurafshon shahrida barpo etilayotgan “aqlli shahar” hududida zamonaviy infratuzilmaga ega kichik va ixcham “Science Park” (Saynspark) tashkil etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Yoshlar akademiyasi a’zolariga biznesni tashkil etish va rivojlantirish, shu jumladan, biznes-rejalar va ta’sis hujjatlarini tayyorlash, sug‘urta, buxgalteriya, hisobot berish, biznes sheriklarni, mini-texnologiyalar va uskunalarni topish bilan bog‘liq xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha muntazam mahorat darslarini olib borsin.

14. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga doimiy ravishda Yoshlar akademiyasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, teleradiokanallarda intellektual yo‘nalishdagi teleradiodasturlarni tashkil etish va efirga uzatish tavsiya etilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–3416-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda:

Yoshlar akademiyasining nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
  Prezidenti                              Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,
2019 yil 30 avgust


 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qaror

Baholaganlar

9

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing