Prezident yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin: 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Mamlakatimizda islohotlarning faol amalga oshirilishi munosabati bilan davlat va jamiyatni rivojlantirishga oid qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning soni va ko‘lami oshdi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar qonun hujjatlarini qo‘llash samaradorligini tahlil qilish va baholash faoliyati yetarlicha tashkil qilinmaganligi, ularning natijadorligini monitoring qilishning ta’sirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmi to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash samaradorligini yanada oshirish, noto‘g‘ri yoki ziddiyatli huquqni qo‘llash amaliyotiga olib keladigan normalar paydo bo‘lishining oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuni 42-moddasiga muvofiq davlat boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi amalga oshirilishi lozimligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tizimini (keyingi o‘rinlarda – huquqiy monitoring) joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Quyidagilar huquqiy monitoringning asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining yagona amaliyotini joriy etish;
  • huquqni qo‘llash amaliyotining normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini o‘rganish;
  • ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning to‘liqligini ta’minlash;
  • normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini ta’minlash;
  • normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalarni aniqlash va bartaraf etish;
  • normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

  • normativ-huquqiy hujjatlarni to‘laqonli ijro etish davlat boshqaruvi organlarining ustuvor vazifasidir;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish samaradorligi ularni amalda qo‘llash bo‘yicha huquqiy monitoring o‘tkazish yo‘li bilan aniqlanadi;
  • huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha amalga oshiriladi;
  • huquqiy monitoring O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring o‘tkazish rejasiga (keyingi o‘rinlarda – monitoring rejasi) muvofiq amalga oshiriladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga asosan qo‘shimcha huquqiy monitoring o‘tkazish talab etilgan taqdirda, huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan monitoring rejasiga qo‘shimcha kiritilmasdan amalga oshiriladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring o‘tkazilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanlab olib, takroriy huquqiy monitoring o‘tkazishga haqli;
  • huquqiy monitoringni o‘tkazishda davlat boshqaruvi organlari advokatlar, ilmiy-ta’lim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilishga haqli. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining huquqiy monitoringni o‘tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:

  • davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tkaziladigan huquqiy monitoringda ishtirok etish;
  • davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha o‘z vaqtida taqdim etilmagan, noto‘g‘ri, ishonchsiz yoki to‘liq bo‘lmagan axborot taqdim etilgan taqdirda, ularga nisbatan huquqiy monitoringni o‘tkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish.

6. Davlat boshqaruvi organlari:

a) har yili 1 fevralga qadar:

  • huquqiy monitoring o‘tkazilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatini shakllantirishni va birinchi rahbar imzosi bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;
  • monitoring rejasiga muvofiq o‘tgan yilda o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;

b) har chorakda monitoring rejasiga muvofiq tahliliy ma’lumotlar hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har yili 20 fevralga qadar:

a) davlat boshqaruvi organlarining takliflari asosida monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tgan yilda o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida quyidagilarni nazarda tutuvchi hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

  • monitoring rejasining bajarilishi natijalari;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish zarurati;
  • huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, qonunchilikdagi bo‘shliq va ziddiyatlar, shuningdek, korrupsiyaga oid normalarni bartaraf etish choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qo‘llash amaliyotini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har yili 20 martga qadar monitoring rejasini hamda huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilgan holda tasdiqlasin.

9. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

  • davlat boshqaruvi organlari rahbarlari huquqiy monitoringni sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, monitoring rejasi bo‘yicha takliflarni puxta ishlab chiqish hamda ularning o‘tkazilishi holati bo‘yicha axborotni belgilangan muddatlarda kiritish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
  • huquqiy monitoringni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar, shu jumladan, mazkur qarorning 6-7-bandlarida nazarda tutilgan tashkiliy tadbirlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida tashkil etiladigan maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida:

  • huquqiy monitoring ishtirokchilari o‘rtasida tezkor elektron hujjat aylanishini ta’minlash;
  • monitoring rejasini shakllantirish;
  • o‘tkazilgan huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha tayyorlangan materiallarni joylashtirish imkonini yaratuvchi maxsus elektron maydonchani joriy etish choralarini ko‘rsin.
  • O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muntazam ravishda maxsus elektron maydonchaning to‘g‘ri boshqarilishini muvofiqlashtirsin, shuningdek, o‘tkazilgan huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha joylashtirilgan materiallarni tahlil qilib borsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ–3666-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Huquqiy monitoring

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing