Prezident yaqinda oila qurgan Paralimpiada chempionini tabrikladi (video)
Sport
−
13 fevral
13903O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida yaqinda oila qurgan Paralimpiada chempioni Asila Mirzayorovani tabrikladi.
“Asila qizimni ko‘rganimdan juda xursandman. Qizim, baxtli bo‘lgin. Yaqinda to‘ylaringni eshitib, o‘zimning vakilimni yuborgandim. Ikkovlaringizga baxt-saodat tilayman. Eng ishonchli, mardona, mard qizlarimdan birisan. Hammaga “Qahramon qizim bor”, deb aytyapman. Senga ham telefonda "Qizim, qahramon qizim", deganman. Ilohim, baxtli bo‘linglar. Sizlarning baxt-u kamollaringni ko‘rish hammamizga nasib qilsin. Qizim, ishlaringda muvaffaqiyat va kelajakda O‘zbekistonga katta-katta, shoda-shoda medallar olib kelishingga ishonaman, qizim”, dedi Prezident.
Asila Mirzayorova esa Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan paralimpiya o‘yinlariga yanada kuchli tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qilib qo‘yganini bildirdi va bitta oltinni ikkita qilishga harakat qilishga va’da berdi.
Suhbat davomida Mirzayorovaning turmush o‘rtog‘i ham sport sohasida ekani, u trenerlik bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi.
“Shunaqa xursand bo‘ldim, turmush o‘rtog‘ingiz trener bo‘lganini ko‘rib. Siz baxtingizni topib, treneringiz bilan turmush qurganingiz, qadrli oilasizlar. Iloyim, mana shu ikkovlaringning turmushlaring mustahkam bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning yangi oilasi va yangi qahramonlari paydo bo‘ladi, deb ishonaman”, dedi Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Asila Mirzayorova 1999 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. U para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiada o‘yinlari kumush medali sohibi va ikki karra Jahon chempionati g‘olibi hisoblanadi. 2024 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiada o‘yinlarida Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda 5,22 metr natija qayd etib, salkam 30 yil oldingi Paralimpiya rekordini yangilagan. O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzayorovani telefon qilib tabriklagan.
Eslatib o‘tamiz, Asila Mirzayorova o‘tgan yil oktyabr oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakili sifatida ish boshlagandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

