Prezident veterinariya va chorvachilik sohasiga oid farmonni imzoladi
Jamiyat
−
02 aprel 2019
11961O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 28 mart kuni imzolagan “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni matni e’lon qilindi. Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni
Mamlakatimizda chorva mollari va parrandalar bosh sonini barqaror oshirishni ta’minlash, veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya servis sifatini oshirish, hayvonlarning sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish, epizootik osoyishtalik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, chorva mollarining naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik yo‘nalishidagi chorvachilik xo‘jaliklari faoliyatini hamda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda yirik tadbirkorlik sub’ektlari ko‘paytirilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.
Respublikada naslchilik-seleksiya ishlarini yuritishning ilmiy asoslangan innovatsion uslublarini joriy etish, sun’iy urug‘lantirish ishlarini tizimli tashkil etish, qishloq xo‘jaligi hayvonlari orasidagi epizootik osoyishtalik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari sifatida belgilansin:
veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ushbu sohada davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;
veterinariya sohasi va chorvachilikning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, qoramolchilik, qo‘ychilik, qorako‘lchilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilikni rivojlantirish, naslchilik-seleksiya ishlarini muvofiqlashtirish hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
mamlakat hududlarini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni ta’minlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarishni tashkil etish;
epizootik osoyishtalikni ta’minlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tashxis qo‘yish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktika ishlarining samaradorligini monitoring qilish;
chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona mexanizmlarini amalga oshirish, chorvachilik xo‘jaliklariga ozuqa yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida chorva ozuqa ekinlarini joylashtirishni tashkil etish hamda yuqori hosildorlikka erishishni monitoring qilish;
chorvachilik tarmoqlarida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash ishlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi hayvonlarini zoti bo‘yicha rayonlashtirish;
veterinariya va naslchilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifati va muomalasi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
veterinariya va naslchilik-seleksiya sohalarida ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalari veterinariya va naslchilik-seleksiya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;
chorvachilik mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni ta’minlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish, veterinariya va chorvachilik sohalariga xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb qilish;
soha kadrlarini tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish, rahbar hamda mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tarkibidagi, quyidagi muassasalar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tarkibiga o‘tkazilishiga rozilik berilsin:
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va uning qoshidagi akademik litsey;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazining Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
3. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi epizootik osoyishtalikni ta’minlash, hayvonlarning yuqumli kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tashxis qo‘yish va tarqalishining oldini olish, chorvachilikning barcha tarmoqlarini va naslchilikni rivojlantirish uchun mas’ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, uning tizimi va hududiy tashkilotlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, byudjetdan tashqari jamg‘armalar va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
5. Ilmiy-tadqiqot ishlari, qo‘mita tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, shuningdek, xodimlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin.
Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish manbalari etib:
Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasining hamda Veterinariya dori vositalari, ozuqabop qo‘shimchalar sifati va muomalasi nazorati bo‘yicha davlat ilmiy markazining xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘larning 75 foizi;
chorvachilik fermer xo‘jaliklariga sotiladigan urug‘lar, sun’iy urug‘lantirish xizmatini ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik boshqarmasi, Baliqchilik boshqarmasi hamda ularning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan “O‘zbekchorvanasl” agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) tashkil etilsin.
7. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, sun’iy urug‘lantirishni tashkil etish, naslchilik-seleksiya ishlarini takomillashtirish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash;
chorvachilikda sof genofondni saqlab qolish va rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan naslchilik-seleksiya dasturlarini amaliyotga tatbiq etish va muvofiqlashtirish;
chorvachilikda nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini yaxshilash maqsadida naslchilik resurslarini yaratish, saqlash, takror ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanish;
ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun ajratilgan yer uchastkalarida ushbu ekinlar yetishtirilishini monitoring qilish.
8. Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
chorva mollari bosh soni 100 shartli va undan ortiq bo‘lgan chorvachilik hamda parrandalar soni 100 ming bosh va undan yuqori bo‘lgan parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda alohida shtat asosida veterinariya vrachi va zootexnik mutaxassislarning faoliyat yuritishi joriy etiladi;
qoramolchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklar (bo‘rdoqichilik xo‘jaliklari bundan mustasno) hamda aholi qaramog‘idagi sigirlar Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan seleksiya rejasiga asosan mazkur hudud uchun biriktirilgan zotdagi naslli buqalar urug‘i bilan sun’iy urug‘lantiriladi;
tuman hokimliklari har yilning 1 dekabriga qadar Agentlikning hududiy bo‘linmalari bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga fermer xo‘jaliklari kesimida kelgusi yil uchun ozuqa ekinlarini joylashtirish rejasini taqdim etadi;
shaxsiy yordamchi, dehqon xo‘jaliklari va aholi xonadonlaridagi sigirlarni sun’iy urug‘lantirish uchun foydalaniladigan nasldor buqalarning muzlatilgan urug‘i hamda kimyo korxonalari tomonidan yetkazib beriladigan suyuq azot xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplashga ruxsat etiladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 28 mart
LiveBarchasi