Prezident Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuraturaga topshiriq berdi
Jamiyat
−
14 avgust 2019
11457Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Farmonga muvofiq Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili:
• xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga, shu jumladan, mulk huquqini noqonuniy cheklash va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka, jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkka tajovuz qilish, mulkdorga qasddan nomaqbul shartlarni, shu jumladan, mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishga doir asossiz talablarni qo‘yish, shuningdek, mulkni olib qo‘yish yoxud mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi;
• mansabdor shaxslar tomonidan suiiste’mol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘radi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu Farmon qoidalarini hisobga olgan holda qonun hujjatlariga, shu jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga mulkdorlarning xususiy mulk daxlsizligi, o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, mulkdorlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer maydonining bozor qiymatida to‘liq qoplanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritishi belgilandi.