Prezident V Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblarini qutladi (foto)
Jamiyat
−
15 dekabr 3727 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 7 dekabrdan 14 dekabrgacha Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V Paraosiyo o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik parasportchilarni qutladi.
.jpg)
Qayd etilishicha, Osiyo qit’asining 35 ta davlatidan kelgan 1 ming 500 nafardan ziyod sportchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda O‘zbekiston sportchilari jasorat va matonat fazilatlarini namoyon etib, musobaqalarning chinakam qahramonlariga aylangan va O‘zbekiston paralimpiya harakati tarixida yana bir yorqin sahifa ochgan.
.jpg)
Prezidentning aytishicha, parasportchilar 99 ta oltin, 57 ta kumush, 41 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida Osiyo qit’asida 1-o‘rinni egallagan.
“Turnir davomida O‘zbekiston madhiyasi qariyb 100 marta yangragani sizlarning vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etishga qanday beqiyos hissa qo‘shganingizdan dalolatdir. Sizlar ulkan azm-u shijoatingiz, bukilmas iroda va intilishingiz bilan Osiyoning milliy sporti jadal rivojlanayotgan Eron, Yaponiya, Tailand, Indoneziya kabi davlatlari jamoalarini ham ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldingiz.
O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlari tarixida bunday rekord natija, bunday buyuk zafar ilgari hech qachon bo‘lmagan edi. Hech shubhasiz, sizlar yurtimiz sportida shonli tarix va an’analar yaratayotgan yoshlar, mohir mutaxassislar sifatida yuksak tahsin va tasannolarga munosibsiz.
Butun xalqimiz, jonajon vatanimiz sizlar bilan faxrlanadi. Sizlar O‘zbekiston paralimpiya harakatining oltin avlodi, oltin vakillarisiz.
Bunday qahramon yoshlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!”, deydi Mirziyoyev.
.jpg)
Bildirilishicha, para pauerliftingchi sportchilar Bahriddin Xolbo‘tayev, Elbek Farhodov, Oyshajon Rajabboyeva, Ruxshona O‘ktamova o‘z vazn toifalarida jahon rekordini, Nurillo Inobiddinov, E’zoza Abdujabborova, Azizbek Perdebayev, Ruxshona O‘ktamova, Ziyodaxon Boqijonova, Zuhra Yuldasheva, Gulyuz Nematullayeva esa Osiyo rekordini o‘rnatganini alohida ta’kidlash lozim.
.jpg)
Yana bir muhim tarixiy natija – sportchi qizlar Madina Muxtorova, Farog‘at Muxammadqulova, Mohichexra Ibragimova para yengil atletikaning yadro va nayza uloqtirish dasturlari doirasidagi bahslarda butun medallar jamlanmasini O‘zbekistonga olib kelgan.
“Bularning barchasi – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz, qolaversa, yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Sizlar erishgan ulkan zafar Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday katta marralarni egallashga qodir ekanini amalda yana bir bor ko‘rsatgani bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir. Bu g‘alaba, hech shubhasiz, minglab yoshlarimizga g‘urur va iftixor, intilish va ilhom manbai, katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Fursatdan foydalanib, sizlarni mana shunday bahodir, dovyurak va pahlavon farzandlar etib tarbiyalagan, ezgu intilishlaringizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ota-onalaringiz, mohir va jonkuyar murabbiylaringizga, barcha muxlislaringizga chin dildan minnatdorlik izhor etaman”, deydi Prezident.
Shuningdek xabarga ko‘ra, yaqinda mamlakatda Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish bo‘yicha maxsus qaror qabul qilingan. So‘nggi yillarda Ijtimoiy himoya milliy agentligini tuzib, alohida Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu tizimda Matonat maktabi hamda sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha institut tashkil qilingan.
Natijada adaptiv sport turlaridagi yo‘nalishlar soni 89 taga yetkazilib, mamlakat mahallalarida ushbu sport turlari bilan doimiy shug‘ullanuvchilar soni 45 mingdan oshgan.
.jpg)
O‘zbekistonda inklyuziv jamiyat barpo etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimiz albatta izchil davom ettiriladi.
.jpg)
“Vatanimizga yuksak mehri va sadoqati, mustahkam iroda va matonati bilan millionlab farzandlarimizga o‘rnak bo‘layotgan sizlardek qahramon o‘g‘il-qizlarimni Yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alabangiz bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda ulkan omad va zafarlar tilayman”, deydi Mirziyoyev tabrik so‘ngida.
.jpg)
Live
Barchasi