Toshkent yerusti halqa metrosining birinchi bosqichi ishga tushdi (fotoreportaj)

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yerusti halqa metrosining birinchi bosqichini ishga tushirib berdi. Bu ulkan loyihani loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan edi. Qurilishning borishi davlat rahbarining doimiy e’tiborida bo‘ldi. Shu kunlarda yerusti halqa metrosining birinchi bosqichi bitkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, jamoatchilik bilan birga poyezdda yurdi.

«Do‘stlik-2» bekatidan «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan mazkur yo‘nalish uzunligi 11 kilometr bo‘lib, 7 ta bekat barpo etilgan. Birinchi bekatdan oxirgisigacha 19 daqiqada yetib olish mumkin. Bu masofada har biri 4 ta vagondan iborat 4 ta poyezd qatnaydi. Ushbu yo‘nalish kuniga 46 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Bekatlar milliy kolorit asosida, o‘ziga xos dizaynda qurilgan. Ular yo‘lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo‘l kira haqini elektron to‘lash imkonini beruvchi turniketlar, eskalator bilan jihozlangan. 225 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

«Qo‘yliq» bekatida keyingi bosqichlar qurilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Yerusti halqa metrosi loyihasining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod bo‘lib, beshta bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda Qo‘yliq bozori bilan Toshkent yerosti metrosining “Olmazor” bekati bog‘lanadi. Uchinchi bo‘lib “Beruniy”, undan keyin “Bodomzor” bekatigacha bo‘lgan qism quriladi. So‘nggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana “Do‘stlik” bekatiga ulanadi. Bu yo‘llarning jami uzunligi qariyb 55 kilometr, bekatlar 35 ta bo‘ladi.

1

 

Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev metro

Baholaganlar

130

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing