Prezident topshirig‘iga binoan “svet” o‘chishini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi

Jamiyat

image

Prezident topshirig‘iga binoan elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. 

Komissiya tomonidan birinchi navbatda generatsiya jarayonini tiklash hamda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlariga kuchlanish berish orqali iste’molchilarning elektr ta’minotini tiklash vazifasi qo‘yilgan.

Hukumat komissiyasi soha vakillariga sodir bo‘lgan nosozliklar takrorlanmasligi, sabablarini aniqlash, elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda zudlik bilan amalga oshirish yuzasidan qator vazifalar yukladi.

Eslatib o‘tamiz, yagona elektr tarmog‘iga ulangan O‘zbekiston elektr tarmog‘i bu avariyaning salbiy ta’siri natijasida Toshkent va Sirdaryo issiqlik elektr stansiyalarida avariyaga qarshi himoya tizimi ishlab ketib, ikkala stansiyaning ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan. Bu holat o‘z o‘rnida Talimarjon va To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyalarining ish faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Oqibatda, Farg‘ona va Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona vodiysi hududi, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari tarmoqlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar qayd etildi.

“Konets sveta”

Bugun, 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan dastlab, Toshkent metropoliteni faoliyati to‘xtatildi, poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. 

Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha aeroportlar faoliyati cheklandi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olmaota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xojikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrining qator hududlarida elektr ta’minioti tiklandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

272

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing