Prezident tibbiyotga yana e’tibor qaratdi – yangi qaror imzolandi
Jamiyat
−
07 aprel 2020
34486O‘zbekistonda vrachlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun 2020/2021 o‘quv yilida bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida o‘qishga qabul parametrlarini 50 foizgacha oshiriladi. Shuningdek, Bakalavriat va magistratura o‘quv rejalaridagi mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar 2 barobarga qisqartiriladi va o‘rniga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘rganish fanlari kiritiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan "Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorida so‘z boradi.
Bundan tashqari, mazkur hujjatga muvofiq, tibbiyot OTMlarining davolash ishlari prorektorlari bir vaqtning o‘zida ushbu ta’lim muassasasi klinikalarining bosh shifokorlari sifatida faoliyat yuritadi.
Ma’lum qilinishicha, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan tibbiyot OTM talabalari stipendiyasiga qo‘shimcha ravishda 428 ming so‘m miqdorida ustama to‘lanadi. Shuningdek, xalqaro reytinglarda tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha Top-200 talikka kirgan OTMlarning klinik ordinatura (rezidentura) va magistratura mutaxassisligini tamomlagan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga qo‘shimcha 4,7 mln so‘m har oylik ustama beriladi. Falsafa doktori yoki fan doktori ilmiy darajasini olgan xodimlarga ham davlat tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha 10 mln so‘m har oylik ustama to‘lanadi.
Hujjatga ko‘ra, tibbiyot kollejlari negizida 47 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvarga qadar Nikolay Ivanovich Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti va Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalarini tashkil etiladi.