Sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak – Prezident
Jamiyat
−
18 mart 2020
6750O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi butun dunyoga katta xavf tug‘dirayotgan koronavirus infeksiyasiga to‘xtalgani haqida xabar bergan edik. Davlat rahbari yig‘ilishda ushbu vaziyatdan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, odamlarda vahima uyg‘otish niyatida bo‘lganlarga chora ko‘rilishini eslatib, jamoatchilikka murojaat qildi.
“Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaziyatda ayrim mas’uliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va o‘zini “piar qilish”ni yaxshi ko‘radigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi.
Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri, asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatishga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim”, deydi Prezident.
Ma’lumki, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistondla koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgan edi va bugungacha bemorlar soni 15 nafarga yetdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida shu kuni O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Bosh vazir ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga vaziyatdan foydalanib, asoslanmagan xabarlarni tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi.
O‘tgan davr mobaynida, Ichki ishlar vazirligida Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi organlar bilan birgalikda aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni, shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan barcha qilmishlarni aniqlash va ularni oldini olish bo‘yicha ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunga kelib, ishchi guruh tomonidan mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33 ta akkaunt aniqlangan. Ulardan 25 (!) tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8 tasi esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli. Hozirda ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlanib, tegishli tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi