Prezident “Tashabbusli byudjet”ga ajratilayotgan mablag‘larni keskin oshirdi

Jamiyat

image

Kelgusi yildan viloyat byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham “Tashabbusli byudjet” loyihalariga beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 11 oktyabr kuni o‘tkazilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, joriy yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan).

Bu borada, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand  viloyatlari aholisi faol bo‘lgan.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan.

Prezident “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.

200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan viloyat byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham “Tashabbusli byudjet” loyihalariga beriladi. 

Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli byudjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi. Bunda “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion so‘mga yetkaziladi.

“Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi”, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari mutasaddilar e’tiborini respublika bo‘yicha 1,5 mingta mahalla aholisi birorta loyihaga ovoz bermaganiga qaratdi. Yaqinda mahallalarda raislar saylovi bo‘lib o‘tgani, yangidan saylangan raislar odamlarga va’dalar bergani, lekin taqdim etilayotgan bu imkoniyatdan foydalanmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. “Mudrab o‘tirgan” raislarni faollikka chaqirish, kerak bo‘lsa o‘qitish kerakligi ta’kidlandi.

4 979 ta mahalladagi ichki yo‘llar, ichimlik suvi va oqova tizimi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, bog‘cha, maktab va sport ob’ektlari, obodonlashtirish, sug‘orish, ko‘chalarni yoritish va boshqa masalalarni hal qilishga bir oy muddatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalariga 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish topshirildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion so‘m ajratilishi ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Tashabbusli byudjet

Baholaganlar

44

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing