Prezident Shahidlar xotirasi xiyobonidagi nutqida “Oli Imron” surasidan misol keltirdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.

Bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar qatag‘on qurbonlarini yod etish uchun yig‘ildi. Qur’on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.

2001 yildan buyon 31 avgust “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Jadid bobolarimizning ruhlarini shod etish, hayoti va merosini o‘rganishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. O‘tgan yili “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilingan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda uning filiallari ochildi.

Bu yil muzeyda jadid talabalar Germaniyaga o‘qishga yuborilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan ekspozitsiya tashkil etildi.

Davlat rahbari muzeyga kirib, mazkur ko‘rgazma bilan tanishdi.

“Bu yerga har gal kelib, e’tibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan. Istiqlolimizga 31 yil bo‘lgani bilan bobolarimiz 100 yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Tahlil bo‘lgan. Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi bo‘lgan. 2-3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shular haqda so‘zlar ekan, Prezident Qur’oni karimdagi oyatni yodga oldi. “Oli Imron” surasining 169-oyatida: “Alloh yo‘lida halok bo‘lganlarni o‘lik, deb hisoblamang, ular tirikdir, Parvardigorlari huzurida rizqlanishmoqda” deya marhamat qilingan.

Davlat rahbari hali bu tarix oxirigacha o‘rganilmagani, qatag‘on qurbonlarini aniqlash va xotirasini tiklash bo‘yicha izlanishlarni davom ettirish kerakligini ta’kidladi.

“Butun dunyoda bir parcha qog‘oz bo‘lsayam, qancha mablag‘ ketsayam, o‘zbek millatiga daxldor hujjatlarni topinglar, deb topshiriq bergandim. Oxirgi yillarda yana qancha qatag‘on qurbonlari aniqlandi. Adolat nuqtai nazaridan qahramon bobolarimizning nomlarini tiklayapmiz. O‘tgan bir yil ichida O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 235 nafar ana shunday vatandoshimiz oqlandi. Jadid bobolarimiz nomida muzeylar, maktablar tashkil qilyapmiz. Toshkent markazida Abdulla Qodiriy maktabi qurib, haykalini o‘rnatdik. Nima uchun? Odamlar o‘tganda ko‘rishi, “men kimlarning avlodiman” deb o‘ylashi, asarlarini bilishi kerak. Yoki Cho‘lponni tiklash qanday qiyin bo‘ldi? Bugun biz pastga tushinglar, xalqning ichiga boringlar, deyapmiz, xalqdan kuch olayapmiz. Cho‘lpon ham shunday degan. Bunday xayrli ishlarni to‘xtatmaslik kerak. Yangi kitoblar, filmlar chiqarish zarur”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev bu yo‘lda izlanayotgan zahmatkash olimlarga, ziyolilarga minnatdorlik bildirdi. Jadidlarning hayoti va asarlarini televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarga yetkazish, maktab darslarida bu mavzuga keng o‘rin berish zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ma’rifatparvar bobolarning ma’naviy merosini o‘rgatish bo‘yicha kafedra tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

239

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing