Prezident Samarqandning bir haftaga chidamagan tunnelini borib ko‘rdi

Jamiyat

image

Bugun, 10 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnelni borib ko‘rdi.

Qayd etilishicha, bu ikki ko‘cha shahardagi eng katta, serqatnov yo‘llardan. Tunnel qurilishi natijasida transportlar harakatiga qulaylik oshib, tirbandlik bartaraf bo‘ldi. Uning uzunligi 120, kengligi qariyb 27 metr. 

Rudakiy ko‘chasida avtomobil va tramvay yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi. Hudud obodonlashtirildi.

Shu yerda Samarqandda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.

“Oxirgi yillarda Samarqand har tomonlama rivojlanayapti. Lekin hali odamlarga qulaylik va xavfsizlik jihatidan ko‘p ish qilish kerak. Bu yerda ham yil sayin mashinalar ko‘payayapti. Yo‘llar, svetoforlar esa deyarli o‘sha-o‘sha. Shuning uchun bu sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz tashkil qilish maqsadga muvofiq. Ular xorij tajribasini o‘rganib, joriy etishi, qaysi yo‘lni kengaytirish, qayerga yo‘lak qurish, qayerda svetoforni olib tashlash bo‘yicha taklif ishlab chiqishi kerak”, dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mazkur tunnel yaqinida, Bo‘stonsaroy ko‘chasida qurilgan galereya uslubidagi ko‘prikni ham ko‘zdan kechirdi.

Shu paytgacha yo‘lning Siyob kanali ustidan o‘tgan qismi ancha past bo‘lib, yog‘ingarchilik paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirardi. Shu bois yo‘l 23 metrgacha ko‘tarilib, eni 31 metrgacha kengaytirilgan. Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi to‘siqlar o‘rnatildi. Piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida 14 million dollar evaziga 3 yil davomida qurilgan tunnel o‘tgan yil 31 dekabrda ochilgandi. Ammo ochilganidan bir hafta ham o‘tmay, 4 fevral kuni yog‘gan yomg‘ir vaqtida tunnelning tepa qismidan suv o‘tib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

1242

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing