Prezident Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi
Jamiyat
−
28 may 9910 1 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 may kuni Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. U yerda Qur’on oyatlari tilovat qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda. Tashrif chog‘ida Prezident qurilishning borishini ko‘zdan kechirgan.
Majmuaning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Hozirgi kunda maqbara, 10 ming kishilik masjid, 4 ta minora qurib bitkazilgan.
Davlat rahbariga majmuada bo‘lajak sharoitlar haqida axborot berilgan. Maqbara hovlisi va xiyobonlarga ko‘proq daraxtlar ekish zarurligi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 may kuni Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan uchrashish uchun Samarqand shahriga jo‘nab ketgandi. Meloni 28-29 may kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi