Prezident safarbarlik sohasidagi tayyorgarlik tizimini qayta ko‘rib chiqishni buyurdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning safarbarlik sohasidagi tayyorgarligi va hududiy mudofaasini tashkil etish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.  Bu haqda  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z bordi. Yig‘ilish Mudofaani boshqarish milliy markazida o‘tkazilgan. 

Unda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlarning qo‘mondonlik tarkibi, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakat mudofaasi va xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilingan.

Qayd etilganidek, o‘tgan yili ham Qurolli Kuchlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, qo‘shinlarning jangovar shayligi va ruhiy tayyorgarligini oshirish, bo‘linmalarni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash davom ettirilgan.

Yig‘ilishda sohadagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Hozirgi shiddatli geosiyosiy qarama-qarshiliklar sharoitida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, axborot xavfsizligi va boshqa sohalarda keskin muammolar paydo bo‘lmoqda. Murakkab xalqaro vaziyat, xavfsizlikka nisbatan xavf-xatar va tahdidlarning kuchayishi Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda.

“Eng katta boyligimiz bo‘lgan tinch hayotni asrash, xalqimiz farovonligini ta’minlash, kelajak rejalarimizni belgilashda ana shu holatlarning barchasini inobatga olishimiz zarur. Biz har qanday vaziyatda ham O‘zbekistonning davlat suvereniteti, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashimiz shart. Bu – bizning tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir”, deydi Prezident Shavkatt Mirziyoyev.

Shulardan kelib chiqib, navbatdagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Avvalo, Qurolli Kuchlarni raqamlashtirishni jadallashtirish, sohadagi vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot maydoniga birlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Mudofaani boshqarish milliy markazi bu tizimning o‘zagi bo‘ladi.

Harbiy ta’lim dasturlarini ilg‘or tajriba asosida yangilash, pedagoglar malakasini oshirish, Harbiy injenerlar maktabini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatning safarbarlik sohasidagi tayyorgarligi va hududiy mudofaasini tashkil etish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. Qo‘mondonlik tarkibining qo‘shinlarni boshqarish va vositalarni qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirishi zarurligi qayd etildi.

Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

“Bizga bu kuchni chetdan izlashning hojati yo‘q. Shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi”, deydi davlat rahbari.

Dunyoda ro‘y berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli to‘qnashuvlar tahlili Qurolli Kuchlar jangovar qobiliyatini oshirishni taqozo etmoqda. Shu bois milliy armiyani zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash, jumladan, harbiy aviatsiya va havo hujumidan mudofaa tizimini rivojlantirish dolzarbligi ta’kidlandi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish masalalariga e’tibor qaratildi. Ular uchun ipoteka asosida ko‘p qavatli uylar qurish, harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini tartibga solish, harbiy tibbiyot muassasalari sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Xavfsizlik kengashi a’zolari, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari so‘zga chiqdi. Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

So‘zining yakunida Prezident barcha harbiylarni, butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing