IIBB Yunusoboddagi 2 kishi halok bo‘lgan pichoqbozlikning sababini ochiqladi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkentning Yunusobod tumanidagi tungi klub oldida janjal yuz bergani va bir kishi 4 odamni pichoqlagani haqida xabar bergan edik. Pichoqlanganlardan ikki nafari vafot etgandi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yunusoboddagi pichoqbozlik bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, kecha,20 sentyabr kuni ertalab soat 6:00 atrofida patrul-post xizmati xodimlariga Amir Temur ko‘chasidagi tungi klub yonida mushtlashuv yuz bergani haqida ma’lumot kelib tushgan. PPX xodimlari voqea joyiga yetib kelishganda, pichoq bilan yaralangan to‘rt nafar yigitlardan bittasi – 18 yoshli Ali G. voqea joyning o‘zida hayotdan ko‘z yumgan bo‘lgan, uch nafar yigitlar shifoxonaga yetkazilgan. Shifoxonada janjalda ishtirok etganlardan yana biri – 23 yoshli Danil S. hayotdan ko‘z yumgan. 21 yoshli Aziz A. va 28 yoshli Azizbek T. ayni vaqtda shifoxonada qolmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, kelishmovchilik ikki guruh yigitlar orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat bo‘lgan birinchi guruh orasida ikki nafar qizlar ham bo‘lgan va ularning hammasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan tungi klub yonida bo‘lishgan. 5 kishilik ikkinchi guruh ham o‘sha atrofda bo‘lganlar. Qizlardan birining o‘z guruhidagi yigitga aytgan gapi boshqa guruhdagi yigitga xuddi unga aytilgandek tuyulgan. Shu sababli orada kelib chiqqan mojaro mushtlashuvga aylanib ketgan. Mushtlashuv davomida ikkinchi guruh ishtirokchisi 23 yoshli Sanjarbek X. pichoq chiqarib tartibsiz ravishda zarba berishni boshlagan. Natijada to‘rt nafar yigitlar jabrlanib, ulardan ikkitasi hayotdan ko‘z yumgan.

Voqea joyiga yetib kelgan Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan 23 yoshli Sanjarbek X., 18 yoshli Sardor K., 23 yoshli Rahmatulloh X. va yana bir necha kishi qo‘lga olinib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 moddasi 2 qismi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi tariqasida jinoiy ishga jalb qilingan 23 yoshli Sanjarbek X. hozirda qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda kelishmovchilikning yana ikki nafar ishtirokchisi bo‘lmish 18 yoshli Sardor K. va 23 yoshli Rahmatulloh X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 2 qismi (“Bezorilik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mazkur shaxslar ham qo‘lga olinganlar.

Tergov davom etmoqda. Kelishmovchilikning boshqa ishtirokchilarini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik pichoqbozlik

Baholaganlar

637

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing