Mirziyoyevning sovg‘asi, Karimovning ko‘rsatmasi, “Oqsaroy”dagi mashmashalar va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
26 avgust 2019 10020 4 daqiqa
26 avgust kuni ham yakuniga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim voqealariga to‘xtalib o‘tamiz.

TDYUUning korrupsion imiji qanday shakllangan?
Toshkent davlat yuridik universiteti korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekistonning barcha fuqarolaridan bevosita universitetga Adliya vazirligiga yoxud boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organiga universitetning rahbariyati, o‘qituvchilari, boshqa xodimlar faoliyatidagi korrupsiya faktlariga aloqador har qanday ma’lumotni taqdim qilishni so‘raydi.

Andijon shahriga yangi hokim tayinlandi
Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev lavozimidan ozod qilindi. Bu xabarni QALAMPIR.UZ`ga viloyat hokimligidan tasdiqlashdi.
Bugun, 26 avgust kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Dilmurod Rahmatullayev lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Yig‘ilishda Bahromjon Nosirboyevich Haydarov vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi sifatida tanishtirildi.

Shavkat Mirziyoyev Ramzan Qodirovga noyob sovg‘a yubordi
O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov, Musulmonlar idorasi raisi-muftiy Usmonxon Alimov, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘g‘li Ismoil Muhammad Sodiqdan iborat delegatsiya Checheniston Respublikasi Prezidenti Ramzan Qodirov bilan uchrashdi.
Delegatsiya Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning noyob sovg‘asini taqdim etdi.

Toshkentda avtobus ag‘darildi. Jarohatlanganlar bor
Joriy yilning 24 avgust kuni Toshkent shahrida avtobus ag‘darilishi natijasida 8 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
24 avgust kuni soat 18:30 larda Sergeli tumani Nilufar tor ko‘chasida yashovchi, “12-sonli avtobus saroyi” AJ haydovchisi 57 yoshli F.M. 104-yo‘nalishidagi Isuzu rusumli avtobusni Sergeli tumanidagi Xonobodtepa ko‘chasida haydab ketayotgan vaqtida avtobusning old chap tomon ressor qismi sinib ketgan. Oqibatda haydovchi boshqaruvni eplay olmagan va avtobus ag‘darilib ketgan.

Dollarning rasmiy kursi uzoq o‘sishdan keyin arzonladi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 27 avgustdan xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.
Unga ko‘ra, 1 AQSH dollari 9373,93 so‘mga teng bo‘lib, o‘tgan haftadagiga nisbatan 10,07 so‘mga arzonlashdi.

Hokimlarning yordamchilari bittaga ko‘payadi – Prezident qarori
O‘zbekiston Rsepublikasi Prezidentining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etiladi.

Valyuta ayirboshlash tartibi o‘zgaradi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.
Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish rejalashtirilyapti.

Karimov Mustaqillik bayramlarini o‘tkazishga qanday ko‘rsatma bergan?
O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami doim katta tayyorgarliklar bilan o‘tkazilgan. Mustaqillik bayrami dastlab poytaxtning Mustaqillik maydonida, keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy bog‘ida o‘tkazilgan. Mustaqillik va Navro‘z ayyomlarining ilk rejissyori, O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidov dastlabki bayramlar qanday o‘tgani haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Mustaqillik kuni bayram tadbirlari qayerda o‘tkaziladi?
Toshkent shahar hokimligi Mustaqillik bayrami munosabati bilan poytaxtda o‘tkaziladigan xalq sayllari haqida ma’lumot berdi.
Mustaqillik bayrami munosabati Sayilgoh ko‘chasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri, Xalqlar do‘stligi san’at saroyi, Baynalminal madaniyat markazi binosining old maydonida va 11 ta tuman markazlarida hamda barcha istirohat bog‘larida xalq sayillari o‘tkaziladi.

Tarixiy selfi! Mirziyoyev jurnalist va blogerlar bilan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida jurnalist va blogerlar bilan uchrashib, suhbatlashdi. Suhbat yakunida jurnalist va blogerlar Prezident bilan tarixiy suratga tushdi.

Karimov haykali ortidagi mashmashalar: Davlat byudjeti havoga uchirilyapti...mi?
QALAMPIR.UZ “Oqsaroy”ga tashrif buyurdi. Hukumat ob’ektlariga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan boshqarmaning “Oqsaroy” bo‘limi xodimi kutib oldi (xodim o‘zi ismini aytishni istamadi).
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga o‘rnatilgan basavlat haykal. U faoliyat yuritgan bino, necha yillar xalq hatto yaqin ham kelolmagan, Karimov vafotidan keyin esa quchoq ochib, bag‘riga chorlayotgan saroy. Bir qarashda hammasi risoladagidek, ammo bu savlat ortida ham muammolar talaygina.
Live
Barchasi