Prezident Pridnestrovedagi voqealar fonida Xavfsizlik kengashini chaqirdi

Olam

image

Moldova Prezidenti Mayya Sandu Pridnestroveda ro‘y bergan voqealar munosabati bilan Oliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdi. Bu haqda davlat rahbari sayti xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, uchrashuv bugun, 26 aprel kuni soat 13:00 da (Toshkent vaqti bilan 15:00) boshlanadi. Soat 15:00 da (Toshkent vaqti bilan 17:00) Mayya Sandu matbuot uchun brifing o‘tkazadi. 

Tan olinmagan Pridnestrove Moldova Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, kecha, 25 aprel kuni noma’lum shaxslar Tiraspoldagi Davlat xavfsizlik vazirligi binosiga granatomyotdan bir necha marta o‘q uzgan. 

Shundan so‘ng Tiraspol yaqinidagi aerodromga hujum qilingan. Bugun, 26 aprel kuni esa Pridnestrove Moldova respublikasida noma’lum shaxslar Rossiya radiosi dasturlarini qayta eshittiruvchi mintaqaviy radiomarkazni portlatib yubordi. 

Tan olinmagan respublika 1992 yil 7 iyul kuni Moldova va Pridnestrove hududidagi ayirmachi kuchlar o‘rtasida ziddiyat avj olishi ortidan tashkil topgan. Mojaro avj olganda Rossiya o‘rtaga tushib, Moldova hukumati bilan nizoni tinch yo‘l orqali hal qilish uchun kelishuv imzolagan. Tez orada Rossiya harbiylari “tinchlikparvar kuchlari” nomi ostida Benderi va Dubossariga kiritilgan. 1992 yil 2 avgust kuni Rossiya qoziligida ikki tomon o‘zaro kelishuvga erishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Moldova Sandu

Baholaganlar

353

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing