Prezident pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosini ma’qulladi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi” loyihasi bilan O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy qilishni ma’qulladi. Bu haqda bugun, 16 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot bilan tanishuvi chog‘ida ma’lum qilindi. 

Yig‘ilishda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangan. 

Shuningdek, mahalla mablag‘lari sarfi bo‘yicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yo‘llar, piyodalar va veloyo‘laklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qat’iylashtirish, energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar qiziqarli deb topilgan.

Bundan tashqari, AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qo‘shimcha takliflar olingan. 

Xorijdagi o‘zbekistonliklar nodavlat maktablar faoliyatini rivojlantirish uchun aniq, barqaror va shaffof litsenziyalash hamda nazorat mexanizmlarini joriy etish, amaliyot jarayonida o‘quvchilarni yo‘naltiruvchi korxona mutaxassislari uchun rag‘batlantirish va mas’uliyat tizimini tatbiq qilish, bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha xavf guruhlarini aniq belgilaydigan yagona raqamli skrining tizimini joriy etish, imtiyozli kreditlarni ajratishda “natijaga bog‘langan imtiyoz” (performance-based subsidy) modelini, eksport qiluvchi korxonalar uchun esa “Export-as-a-service” modelini joriy qilish, ya’ni logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va to‘lov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish, advokatlar uchun elektron navbat olish jarayoni bo‘yicha qo‘llanma va videoyo‘riqnomalar tayyorlash kabi takliflarni bildirgan. 

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion so‘m ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat dasturi pedofiliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing