Prezident payg‘ambar yoshidan oshgan Aliyevga tabrik yo‘lladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni 64 yoshga to‘ladigan Ilhom Aliyevga tabrik maktubini yo‘lladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidentining axborot xizmati xabar bermoqda.

Prezident ozarbayjonlik mavqedoshini tavallud ayyomi munosabati bilan samimiy qalbdan tabriklab, eng ezgu tilaklarini bildirishdan katta mamnuniyat tuyg‘usini his etganini ta’kidlagan. Mirziyoyev Aliyevni azaliy qardosh bo‘lgan Ozarbayjon xalqining chin vatanparvar va fidoyi farzandi, dono va sadoqatli yetakchisi, bugungi davrning yirik davlat arbobi, xalqaro miqyosda yuksak hurmat va nufuzga ega buyuk siyosatchi sifatida yaxshi tan olishi va yuksak baholashini qayd etgan.

O‘zbekiston rahbari Ilhom Aliyevning boshqaruv sohasidagi boy bilim va tajribasi, uzoqni ko‘ra biladigan, dono va samarali siyosati natijasida Ozarbayjonning nafaqat hududiy yaxlitligi tiklangani, balki uning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi yildan-yilga yanada mustahkamlanib bormayotganini urg‘ulab, Aliyev ilgari surgan muhim mintaqaviy va global tashabbuslarning jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tgan.

Tabrikda Ilhom Aliyevning do‘st va qardosh davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi katta xizmatlari hamda qat’iyatli sa’y-harakatlari tufayli qardoshlik aloqalari mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgani ham mamnuniyat bilan qayd etilib, oldinga qo‘yilgan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlar, oliy darajada olib borilayotgan faol va konstruktiv muloqot natijasida ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlik qardosh o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining umumiy taraqqiyoti yo‘lida bundan buyon ham samarali rivojlanishiga qat’iy ishonch bildirilgan.

“Aziz do‘stim, hayotingizdagi ushbu quvonchli va unutilmas sana munosabati bilan Sizni yana bir bor samimiy qalbdan tabriklab, Ulug‘ Tangridan Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, mamlakatingiz tinchligi va farovonligi yo‘lida olib borayotgan mas’uliyatli davlat faoliyatingizda yangi-yangi yutuqlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyot tilayman”, deyiladi tabrik yakunida.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjonning 4-prezidenti Ilhom Aliyev 1961 yilda poytaxt Bakuda tug‘ilgan. U 2003 yildan buyon 22 yil davomida prezidentlik kursisini egallab kelmoqda. Ilhom Aliyev 2003, 2008, 2013, 2018 va 2024 yillarda o‘tkazilgan prezident saylovlarida g‘alaba qozongan. Ungacha – 1993-2003 yillarda mamlakatni Ilhom Aliyevning otasi Haydar Aliyev boshqargan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing