Prezident OTP banki raisini qabul qildi

Jamiyat

image

Kecha, 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahriga tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi OTP banki boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Vengriya ishbilarmonlari bilan hamkorlikdagi birinchi yirik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgani – OTP banki O‘zbekiston bozoriga kirganini ta’kidlagan.

“Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitimning muvaffaqiyati xorijiy investorlarga muhim ishora bo‘lgani va ularning O‘zbekistonga qiziqishini oshirgani qayd etilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston bank-moliya sohasini rivojlantirish, shu jumladan xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, biznes uchun innovatsion va arzon mahsulotlarni joriy etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning samarali moliyaviy vositalarini tez fursatda ishga tushirish muhimligi ta’kidlangan.

Bank rahbari Shandor Chani Vengriya kompaniyalari o‘z investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston yetakchisiga minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida  OTP guruhi “Ipoteka-bank” bankini sotib olgandi. Toshkent shahrida OTP banki nomidan “Ipoteka-bank” bankini xususiylashtirish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi imzolandi. Hujjatni OTP Bank Boshqaruv raisi va Bosh ijrochi direktori Shandor Chani va Bosh direktor o‘rinbosari Laslo Volf, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nomidan Moliya vaziri Timur Ishmetov, O‘zbekiston Respublikasi nomidan Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev imzoladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Budapesht

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing