Prezident oilasiga “yaqinligi”ni aytib, yuz minglab dollarlarni o‘zlashtirgan uyushgan guruhga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
28 iyul 10630 4 daqiqa
Andijonda o‘zini yuqori lavozimdagi shaxslarga hamda Prezident oilasiga “yaqinligi”ni da’vo qilgan va yirik miqdordagi firibgarlik, tovlamachilik va pora berishga dalolat qilishda ayblangan uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan sud hukmi chiqarildi. QALAMPIR.UZ ishga oid sud hujjati bilan tanishdi.
Aniqlanishicha, jinoiy guruhga muqaddam bir necha bor sudlangan J.Norqulov rahbarlik qilgan. U o‘zini “Prezident oilasiga yaqin shaxs” sifatida tanishtirib, yuqori lavozimlarga tayinlash, davlat tashkilotlari bilan yirik shartnomalar tuzib berish, yer ajratish va sud ishlarini ijobiy hal qilishni va’da qilgan. Guruhning boshqa a’zolari esa bunday xizmatlarga ehtiyoji bor shaxslarni topib, ularni J.Norqulov bilan uchrashtirib turgan.
Sud materiallariga ko‘ra, guruh 2021 yilda fuqaro M.Jo‘raboyevni Asaka tumanidagi “Ko‘priklardan muntazam foydalanish” unitar korxonasiga rahbar qilib tayinlatishni va’da qilib, undan 25 000 AQSH dollari talab qilgan. Keyinchalik unga va oila a’zolariga tahdid qilib, Captiva avtomobilini sotishga majburlagan va undan 10 000 dollar tovlamachilik yo‘li bilan olingan. Va’da qilingan lavozim esa ta’minlanmagan.
Shuningdek, poyezd va vagonlar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan shug‘ullangan tadbirkor D.Dadaboyevga o‘zini “Prezident oilasiga yaqin shaxs” sifatida tanishtirib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” orqali 280 milliard so‘mlik shartnoma olib berishni va’da qilib, bosqichma-bosqich jami 119,5 ming dollar olingan. Keyin esa unga Toyota Land Cruiser 200 avtomobilini 75 ming dollarga sotishni taklif qilib, oldindan 45 ming dollar qabul qilingan bo‘lsa-da, na shartnoma, na avtomobil berilgan.
Guruhning navbatdagi jabrlanuvchisi Rossiya Federatsiyasi fuqarosi V.Aliyev bo‘lgan. Unga Yangi Toshkent hududida ko‘p qavatli uylar qurish uchun yer ajratib berish, ruxsatnoma va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qilib, 40 ming dollar olingan. Biroq na yer maydoni ajratilgan, na qurilish hujjatlari taqdim etilgan.
Yana bir holatda Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi fermer xo‘jaligi yerlarini sud orqali qaytarib berish va keyinchalik ularni paxtachilikdan sholichilikka o‘tkazishni hal qilib berish bahonasida fuqaro O.R.dan jami 58,4 ming dollar olingan.
Bundan tashqari, guruh a’zolari Qo‘rg‘ontepa tuman dehqon bozorida tadbirkorlarga savdo rastalari va qurilmagan do‘konlarni arzon narxda berish, ularni rasmiylashtirish hamda elektr qarzdorligini hal qilishni va’da qilib, o‘nlab million so‘m va bir necha ming dollardan iborat mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Jumladan, go‘sht mahsulotlari sotish uchun joy ajratish bahonasida bir tadbirkordan 30 million so‘m, hali qurilmagan do‘konlar uchun esa boshqa savdogarlardan 5 ming dollargacha mablag‘ undirilgan. Uchta do‘konni yarim narxda berish va’dasi bilan yana bir tadbirkordan 10 ming dollar va 13 million so‘m olingan. Shuningdek, boshqa holatda savdo joyi uchun 60 million so‘m pul hamda 43 million so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qo‘lga kiritilgan.
Guruh a’zolari boshqa bir tadbirkorga bozorning elektr energiyasidan qarzdorligini to‘lasa, foydalanib turgan do‘koni uning nomiga rasmiylashtirilishini bildirib, undan 52 million so‘m talab qilib, pulni olgan. Biroq va’da qilingan savdo joylari va do‘konlarning birortasi tadbirkorlar nomiga rasmiylashtirilmagan.
Sud hukmi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudining 2026 yil 12 martdagi hukmi bilan J.Norqulov firibgarlik, odam o‘g‘irlash, tovlamachilik, talonchilik, transport vositasini olib qochish hamda pora berish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilib, uzil-kesil 10 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Guruhning boshqa a’zolari – Sh.Mirzayev, M.Zuxriddinov va D.Jo‘rayevga esa 10 yil 2 oydan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, sud jabrlanuvchilarga yetkazilgan milliardlab so‘mlik moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirishga qaror qilgan.
Sudlanuvchilar apellyatsiya shikoyatlarida ayblovlar isbotlanmagani, harakatlarida uyushgan guruh alomatlari mavjud emasligi va yetkazilgan zararning bir qismi qoplanganini bildirib, yengilroq jazo yoki oqlov so‘ragan. Prokuror esa birinchi instansiya sudi ayrim og‘ir ayblovlarni asossiz chiqarib tashlaganini ta’kidlab, hukmga nisbatan protest kiritgan. Apellyatsiya sudi birinchi instansiya sudining jazoga oid qismini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust