Prezident Namanganga safarini boshladi

Jamiyat

image

Bugun, 18 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumaniga keldi.

Davlat rahbari o‘tgan yili iyunda viloyatda bo‘lganida Kosonsoy, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on tumanlarini bog‘dorchilikka ixtisoslashtirish yaxshi samara berishini aytgan edi. Joriy yil 11 yanvarda esa “Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Shunga muvofiq, ushbu tog‘li tumanlarda zamonaviy bog‘ va tokzorlar tashkil etilmoqda.

Ulardan biri – Yangiqo‘rg‘ondagi “Sura General Investments” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bog‘i. Bu yer ilgari sug‘orilmas, shu sababli undan unumli foydalanilmas edi. Birlashgan Arab Amirliklarining 3 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyasi hisobiga 103 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etildi.

Avvalo, 250 metr chuqurlikdan suv chiqarildi. Hovuz qazilib, tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatildi. O‘tgan yili Italiyadan ko‘chatlar olib kelinib, 48 gektarga gilos, 26 gektarga o‘rik, 22 gektarga shaftoli, 7 gektarga olxo‘ri ekildi.

Prezident bog‘ning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi. Bu yerdagi mevalarning hosildorligi oddiy usuldagisiga nisbatan 3 barobar yuqori. Navlari ham bozorbop. Tomchilatib sug‘orish tizimi natijasida har gektar yerdan 2 barobar ko‘p suv iqtisod qilish mumkin.

Daraxtlar kelgusi yili hosilga kiradi. Bog‘ning yillik quvvati 5 ming tonna bo‘ladi. 4 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Korxona yana ming gektarda bog‘ yaratishni maqsad qilgan.

Bog‘da 40 kishi ish bilan ta’minlangan. Qator oralarida sabzavot yetishtirish uchun ishsiz yoshlarga yer bo‘lib berilgan.

Davlat rahbari shunday yoshlar bilan suhbatlashdi.

“Sizlarning ishli bo‘lganlaringni, kayfiyatlaringni ko‘rib xursandman. Yo‘llaringizni topib, ish bilan bo‘lib, biringizni ikki qilib, farzandlar kamolini ko‘rib yashasalaringiz - mening eng katta maqsadim shu. Buning uchun shu bilan chegaralanmay, ko‘proq bilim olishingiz, yangi marralarga intilishingiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ilgari namanganlik 160 ming kishi xorijga ish izlab ketgani, bugun yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida 100 mingi mamlakatga qaytib kelgani ta’kidlandi.

“Yoshlar yo‘lini tasavvur qilolsa, kuch paydo bo‘ladi. Qiyinchiliklardan, sinovlardan xafa bo‘lmaslik kerak. Hayot maktabini o‘tagan inson dunyoga boshqacha qaraydi. Yoshlarning yaxshisiyam, yomoniyam bizning farzandlarimiz. Sizlarga o‘xshagan intiluvchan, ertangi kuniga befarq bo‘lmagan, kasb-hunarli yoshlar boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishi kerak”, dedi Prezident.

Davlat rahbari intensiv bog‘ning investori bilan muloqotda bo‘ldi. Shu yerda Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Namanganga tashrif

Baholaganlar

241

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing