Prezident Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2023
6041Prezident Shavkat Mirziyoyev akademik Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi xabar berdi.
Atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Naim Karimov shu yilning 17 sentyabr kuni 91 yoshida vafot etdi.
Naim Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
1955 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, ushbu oliy ta’lim muassasasining aspiranturasida tahsil olgan.
O‘z mehnat faoliyatini 1958 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan zahmatkash va fidoyi olim ko‘p yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida mazkur institutda katta va yetakchi ilmiy xodim, bo‘lim mudiri vazifalarida ishlagan. 1962 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2002-2008 yillarda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi raisi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, 2008 yildan ushbu muzeyning yetakchi ilmiy xodimi sifatida mehnat qilgan.
“Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli fundamental tadqiqot va izlanishlar olib borib, ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratdi. Xususan, ma’rifatparvar jadidlarning hayoti va faoliyati, XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab monografiya va tadqiqotlari, ma’rifiy romanlari hamda mingdan ortiq ilmiy maqolalari, qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari adabiyotshunoslik faniga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi”, deyiladi Prezident matbuot xizmatida xabarida.
Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun Naim Karimov 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.
Olim jahon adabiyotining bir qator sara asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish barobarida, tarixiy mavzularda yigirmaga yaqin hujjatli filmlarni yaratishda ham ishtirok etgan.
Uning bevosita rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan edi.
“Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Naim Karimovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi xabarda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevdan tashqari Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi Nuriddin Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqalar ham hamdardlik bildirgan.
LiveBarchasi