Prezident Milliy gvardiya faoliyatiga oid farmonni imzolashi kutilmoqda
Jamiyat
−
16 aprel 2019
15504O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari bilan ishlash va ularning xizmat o‘tashini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, kadrlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek xodimlarning xizmat o‘tashini tashkil etishda quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining asosiy vazifalari deb hisoblanadi:
• bo‘sh lavozimlarni o‘z kasbiy fazilatlari, xulq-atvori va madaniyat darajasi bilan namuna bo‘lgan istiqbolli kadrlar bilan jamlash mexanizmini joriy etish;
• ish tajribasining vorisiyligini, yosh xodimlarning xizmatga amaliy moslashishini, kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirish hamda ularda xizmat vazifasi bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirishni ta’minlovchi samarali ustoz-shogird tizimini joriy etish;
• xodimlar o‘rtasida barqaror professional kadrlar tarkibini shakllantirish, xodimlarning uzoq muddatli xizmatini rag‘batlantirish, shuningdek kadrlarning professional va shaxsiy fazilatlari hamda qobiliyatlarini inobatga olgan holda lavozimlarga optimal taqsimlash;
• ijro intizomini, jumladan boshqaruv qarorlari har bir bevosita ijrochiga o‘z vaqtida yetkazilishi va bajarilishini tizimli uzluksiz nazorat qilinishning zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarini keng joriy etish orqali ta’minlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish.
Farmon bilan:
• O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
• O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining Intizom ustavi tasdiqlanishi kutilmoqda.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining o‘rinbosarlari va boshqarma boshliqlari:
a) har chorakda joylarga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining bo‘linmalari, xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida bataloni, o‘quv markazlari (Farg‘ona va Jizzax viloyatlari), nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘linmalari rahbarlarining aniq erishilgan natijalarini ko‘rsatgan holda boshqaruv qarorlari ijrosining amalga oshirilishi haqidagi shaxsiy hisobotlarini kengaytirilgan majlislarda tinglaydi;
b) har yarim yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hay’atida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek xizmat o‘tashni, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar talablarni inobatga olgan holda qilingan ishlar yuzasidan shaxsan hisobot beradi. Bunda quyidagilar bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi nazarda tutiladi:
tashabbus ko‘rsatmaydigan va mas’uliyatsiz rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining ijobiy ish tajribasini tatbiq etish va qo‘llash.
Farmon bilan quyidagilar belgalib qo‘yiladiki:
• pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddati kalendar hisobida yigirma yilni tashkil qiladi, ulardan imtiyozli hisoblanadigan davri xodimlarga pensiya miqdori hisoblanayotgan vaqtdagina inobatga olinadi;
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan ta’minlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlariga o‘rnatilgan pul ta’minotining me’yorlari jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimlarining xodimlariga ham tadbiq etiladi;
• ko‘rsatilgan uchun kelib tushgan mablag‘lar hisobidan faoliyat yurituvchi Milliy gvardiya tizimidagi muassasalarda xizmat qilayotgan xodimlarga sanatoriy-kurort muassasalariga yo‘llanmalar berish ushbu muassasalarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
• O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalari kunduzgi, sirtqi ta’lim shaklida, kasbiy tayyorgarlik fakultetida, rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslar)da O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo‘mondoni va Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasini oshiradi;
• xodimlarning bolalari davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga yashash yoki xizmat o‘tash joyi bo‘yicha navbatdan tashqari qabul qilinadi.
Quyidagi tartib o‘rnatiladi:
• O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida ustozlar mutaxassislik bo‘yicha kamida besh yil xizmat qilgan, yuksak kasbiy fazilatlarga, xizmatda samarali ko‘rsatkichlarga va tarbiyaviy yo‘nalishda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan eng tajribali xodimlar orasidan tanlab olinadi;
• ustozlarga, qoida tariqasida, ko‘pi bilan bir nafar ofitserlar tarkibidan bo‘lgan xodim, uch nafargacha serjantlar tarkibidan bo‘lgan xodimlar, besh nafargacha safdorlar tarkibidan bo‘lgan xodimlar biriktiriladi;
• ustozlar o‘zlariga biriktirilgan xodimlarning ta’lim-tarbiyasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganida, shuningdek xodimlar lavozimga kirishishi davrida xizmat intizomini buzgan hollarda ustozlar, ayblik darajasidan kelib chiqqan holda belgilangan tartibda intizomiy jazoga tortiladi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining faxriy xodimi” idoraviy ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Quyidagilarga:
• O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoniga – amalga oshirilayotgan islohotlar talablariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda faoliyat yo‘nalishlarining sifatli va to‘la hajmda amalga oshirilishi, xizmatlar faoliyatining samarali muvofiqlashtirilishi, hamkorligi va markaziy apparat tomonidan qabul qilingan boshqaruv qarorlarining muqarrar va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilishi bo‘yicha;
• barcha darajadagi va sohaviy bo‘linmalar rahbarlariga – xodimlarni tanlash va joy-joyiga maqsadli qo‘yish, xodimlarni o‘z vaqtida va xolislik bilan rag‘batlantirish hamda intizomiy jazo choralarini ko‘rish, ularning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlash, shuningdek rahbarlik qilayotgan bo‘linmada ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha;
• sohaviy bo‘linmalar rahbarlarining kadrlar, harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-ahloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlariga – o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarayotgan xodimlarning xizmatda ko‘tarilishini ta’minlovchi kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularni o‘qitish va ulardan to‘laqonli foydalanish, shaxsiy tarkib bilan samarali tarbiyaviy ishni olib borish va xizmat o‘tashni nazorat qilishni tashkil etish bo‘yicha;
• mutaxassislarga biriktirilgan ustozlarga – xodimlarga amalga oshirayotgan faoliyatida natijadorlikka hamda yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishga intilishni singdirish, ularda amaliy ish ko‘nikmalarini shakllantirish va xizmat burchiga tashabbuskorlik bilan munosabatda bo‘lishini tarbiyalash bo‘yicha shaxsan javobgarlik yuklatiladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:
• ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining pul ta’minoti tarkibiga kiruvchi to‘lovlarning tuzilmasi va ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tasdiqlash uchun kiritadi;
• uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi, Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida bataloni, Nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘limi xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni belgilovchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishini ta’minlaydi;
• ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlariga ustoz-shogird an’anasini joriy qilish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi, bunda ustozlar zaxirasini shakllantirish tartibi, rag‘batlantirish va intizomiy jazolash choralarini qo‘llash bilan ustozlar ishini tashkil qilishning ta’sirchan mexanizmini nazarda tutadi;
• 2019 yilning 1 sentyabriga qadar xodimlarning xizmat, jismoniy va ahloqiy-psixologik tayyorgarligini sifat jihatdan yangi tamoyillar asosida tashkil etish tartibini tanqidiy qayta ko‘rib chiqadi, bunda uning mazmuni bo‘linmalar ehtiyojiga mos kelishi, hudud, lavozim majburiyatlari va xizmat xususiyati inobatga olinishini ta’minlaydi;
• 2019 yilning 1 avgustiga qadar elektron hujjat aylanishi, hujjatlarni qayd etish, hisobga olish va saqlash tartibini, ularni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi sohaviy xizmatlariga, uning hududiy bo‘linmalari va bevosita joylardagi ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘radi;
• uch oy muddatda xodimlarning umumiy huquqlari va majburiyatlari hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni, asosiy mansabdor shaxslarning majburiyatlarini, shuningdek ichki tartib qoidalarini belgilovchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ichki xizmat ustavini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
LiveBarchasi