Prezident Mehribonlik uylari bitiruvchilarining deyarli yarmi uysiz qolganini tanqid qildi
Jamiyat
−
28 iyul 2021
4445Ayni damda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Davlat rahbari yig‘ilishda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olish zarurligini ta’kidladi.
“Har bir go‘dak bu yorug‘ dunyoga kelar ekan, unga hamma ota-onasi bag‘rida yayrab o‘ssin, baxtli-saodatli bo‘lsin, deb tilak bildiradi. Lekin, taqdir taqozosi bilan ularning ayrimlari ota-ona mehridan benasib qoladi. Bunday holatda bu norasida bolalarning aslo aybi yo‘q ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz, albatta. Lekin, bir o‘zimizga savol beraylik, ushbu mehrga muhtoj bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilayaptimi? Afsuski, yo‘q”, degan Prezident Mirziyoyev.
Davlat rahbari bugun Yunusoboddagi 21-son Mehribonlik uyiga borganida na sohaga mas’ul vazirlik, na hudud sektor rahbarlari muassasadagi muhit va sharoit ishlmagani ayon bo‘lganini ta’kidlagan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarini uy-joyga muhtoj 1 ming 188 nafar bitiruvchilaridan 610 nafariga yoki 51 foiziga uy-joy ajratilgan.
“Mehribonlik uylaridagi ta’lim-tarbiya ishlari ham mutlaqo qoniqarsiz. Shuningdek, Mehribonlik uylari bitiruvchilarining atigi 1,6 ming nafari yoki 64 foizi ish bilan ta’minlangan. Shu kabi, o‘tgan yili ixtisoslashgan maktablarni bitirgan 1,5 mingdan ziyod nogironligi bor yoshlarning atigi 264 nafari ishga joylashtirilgan”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq, Prezident mamlakatdagi barcha Mehribonlik uylarini Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazish taklifini bildirgani haqida xabar bergan edik.