Prezident maktablari kabi “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil etiladi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2025 3905 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonning har bir viloyatida xuddi Prezident maktablari kabi “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinadi. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan qilayotgan muloqotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, islohotlarning ilk bosqichidayoq maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan. 2017 yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshgan.
Yaqinda ta’lim sohasida e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bog‘cha kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Bog‘chada tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirildi. Shu oydan bog‘cha mudiralari ham maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil oylik oladigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi.
Endilikda xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham byudjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.
Ta’kidlash joiz, hozirda 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagoglar bo‘lgani bilan ularning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega. Lekin hozirda tarbiyachilarning maktab o‘qituvchilari kabi toifa olishi uchun oliygoh diplomi talab etiladi. Shu sababli, oliy va o‘rta ma’lumotli tarbiyachining oyligida farq bor.
Shu bois, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy ma’lumotli qilinadi.
Shuningdek, xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi. Eng muhimi, yangi metodikalarni o‘rganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham doimo ochiq bo‘ladi.
Live
Barchasi