Prezident Makkadagi o‘zbekistonlik hojilar holidan xabar oldi (video)
Jamiyat
−
31 may 5254 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 31 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
Ayni paytda 15 ming nafar o‘zbekistonlik hojilarning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Qayd etilishicha, bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
“Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi haj mavsumiga yanada yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilib, barcha zarur sharoitlar hozirlandi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarning salomi va duolarini yetkazdi. Davlat rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, O‘zbekistonga sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Suhbat samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan. Hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatishlariga umid bildirilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr