Koronavirus pandemiyasi Yaratganning bergan bir sinovidir – Prezident yana xalqqa murojaat qildi
Jamiyat
−
26 mart 2020
14182Bugun, 26 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurarshishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbir avvalida davlat rahbari ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston xalqiga yana bir bor murojaat qildi.
"Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat og‘ir kunlarni boshidan kechirmoqda. Koronavirus infeksiyasi 190 dan ziyod mamlakatga tarqalib, pandemiyaga aylandi. Kasallanganlar soni 450 mingdan, vafot etganlar 21 mingdan oshdi.
Afsuski, ushbu kasallik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Bugunga kelib virus bilan kasallanganlar soni 65 nafarni tashkil qilmoqda.
Shu sababli, Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilib, Inqorozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi.
Pandemiyaga qarshi qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish uchun jamg‘armaga 10 trillion so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Bu ofatdan xalqimizni asrash bo‘yicha mamlakat miqyosida ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda. Xususan, kasallik aniqlangan ilk kundanoq barcha ta’lim va diniy muassasalar faoliyati, xalqaro va ichki jamoat transportlari qatnovi to‘xtatildi.
Odamlar gavjum bo‘ladigan joylar, xususan, barcha buyum bozorlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari vaqtincha yopildi.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona va tashkilotlar xodimlariga ta’til berilib, masofaviy ishlashga o‘tkazilmoqda.
Mamlakatning barcha tibbiyot muassasalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilib, 11 ta tibbiyot muassasasi va 97 ta sihatgoh, oromgoh va yotoqxonalar karantinga ixtisoslashtirildi.
Ushbu virusli infeksiyani jilovlash, tarqalishining oldini olish hamda profilaktika qilish maqsadida uy sharoitida 80 mingga yaqin, statsionarda 12 ming nafar fuqaro karantinga olingan.
Pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 100 ming atrofida tibbiyot xodimlari mobilizatsiya qilinib, ularga hokimiyatlar, ichki ishlar tizimi, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari yaqindan ko‘maklashmoqda.
Shuningdek, xorijdagi fuqarolarimizni qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlab ularni Xitoydan evakuatsiya qilgan bo‘lsak, hozirda barcha davlatlardan olib kelinmoqda.
Xorijdagi hamma diplomatik vakolatxonalarimizda shtablar tashkil etilgan. Oxirgi 10 kun ichida 20 ta charter reyslar amalga oshirildi. Rossiya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, Indoneziya va Germaniyadan to‘rt mingga yaqin fuqarolarimiz olib kelindi, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarimizdan 80 mingdan ortiq vatandoshlarimiz o‘tkazildi hamda yurtimizda tashkil etilgan profilaktoriy, sanatoriy va boshqa shifo maskanlarida karantinga olindi.
Bundan tashqari, diplomatik missiyalarimiz Rossiya, Xitoy, Singapurdan ekspress-testlar, tibbiy anjomlar va gumanitar yuklarni olib kelish bo‘yicha amaliy ishlarni bajarmoqda, ilg‘or davlatlarning yetakchi va tajribali mutaxassislarini jalb etish bo‘yicha sa’y-harakatlar kuchaytirildi.
Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat hisoblanadi.
Chunki, koronavirus menga yuqmaydi deb befarq yurganlar nafaqat o‘zining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini katta xavfga qo‘yishini chuqur anglab yetishi kerak.
Davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralar odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infeksiyaning tarqalishini jilovlashga qaratilgan.
Tibbiyot qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, davlat bunga qancha-qancha mablag‘ ajratmasin, odamlarimiz shifokorlar tavsiyasiga amal qilmasa, tartib-intizomli bo‘lib, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha ko‘rilayotgan choralarimiz, pandemiyaga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan yuz minglab fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin.
Ayrim hudud rahbarlari hozirga qadar fuqarolarga murojaat bilan chiqish va yuzaga kelgan vaziyatni aholi o‘rtasida tushuntirish choralarini ko‘rmayapti. Mahalliy telekanallar, gazeta va jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda ishlar lozim darajada tashkil etilmayapti.
Viloyat, shahar va tuman, 4 ta sektor rahbarlarining epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsiy javobgar ekanligi haqida qat’iy ogohlantiraman. Sizlar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, karantin rejimini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish bo‘yicha tunu kun ishlashingiz shart.
Mahalla fuqarolar yig‘inlariga ham ko‘p e’tirozlarim bor. Joylarda mahalla faollarining roli umuman sezilmayapti. Mahalla raislarining ko‘z oldida ayrim fuqarolar ko‘p odamlarni yig‘ib, dabdabali marosim va tadbirlarni o‘tkazishni davom ettirmoqda.
Misol uchun, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Beruniy mahallasida yashovchi ayol Umradan qaytib kelib, uyda karantinda bo‘lish talablarini qo‘pol ravishda buzib, ertasi kuni 120 nafar kishini chaqirib, dabdabali marosim o‘tkazgan. Oqibatda uning 4 nafar oila a’zosi infeksiya yuqtirgani aniqlandi. Yana qancha odam kasallangani hali noma’lum.
Shu bois karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risida parlamentimiz qabul qilgan qonunni imzoladim. Ushbu qonunga asosan, bundan buyon karantin davrida atrofidagi insonlarning sog‘lig‘i va hayotini xavf ostiga qo‘yganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini qat’iy ta’minlashi shart.
Ishonchim komil, oilasi, farzandlari, el-yurti tinchligi, sog‘lig‘ini hamma narsadan ustun qo‘yadigan donishmand xalqimiz bunday holatga tushib qolishni hech qachon istamaydi.
Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko‘rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o‘z xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, yengamiz!
Koronavirusga qarshi kurashishdagi o‘ziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.
Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda.
Hurmatli tibbiyot xodimlari, o‘z hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman", dedi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi