Prezident Karmana tuman hokimi va “katta”larining barchasini ishdan olishni buyurdi
Jamiyat
−
31 Oktabr 2023
16285Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatining Karmana tumani hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlarini ishdan olishni buyurdi. Bu haqda Prezident bugun, 31 oktyabr kuni gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda hududlarda 3,5 milliard kilovatt-soat elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Jumladan, Karmanadagi qurilishi yakunlanmagan binoda 452 ta “mayning” qurilmasi o‘rnatilgani oqibatida o‘n oy davomida qariyb 5,5 million kilovatt-soat elektrdan noqonuniy foydalanilgan.
Yig‘ilishda Karmana tumani hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari o‘n oyda hududda shuncha elektrdan o‘g‘irlikni payqamagani, tumanda oylik iste’mol birdaniga 5 foizga oshganini tahlil qilmagani tanqid qilingan.
Shavkat Mirziyoyev yuqorida keltirilgan raqamlarni hisobga olgan holda ushbu rahbarlarning barchasi ishdan olinishini bildirgan. Bosh prokuraturaga esa ularning harakatiga qonuniy baho berib, ustuvorligini ta’minlash topshirilgan.
Shuningdek, mutasaddilarga o‘g‘irliklar eng yuqori bo‘lgan hududlarda noqonuniy iste’molga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Karmana tumanida davlat manfaatlariga 24 milliard 415 million 300 ming so‘m zarar keltirgan noqonuniy mayning fermasi faoliyati to‘xtatilgan edi.
Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, 24 milliard 415 million 300 ming so‘m qayta hisob-kitob qilingan. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
LiveBarchasi