Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti tashkil etiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Orolbo‘yi mintaqasi uchun tibbiyot sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, hudud aholisiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini oshirish, tibbiy amaliyotning ta’lim va ilm-fan bilan o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta’minlash, sohadagi ilg‘or yutuq va innovatsiyalarni davolash-tashxis jarayoniga joriy etish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:

Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etish;

Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasini (keyingi o‘rinlarda – Institut klinikasi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, klinika va o‘quv bazasi faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;

fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;

ta’lim muassasasi va Institut klinikasi ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini ta’minlash;

xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish;

talabalarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni insonparvarlik va yuksak ma’naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash;

moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.

3. Belgilansinki:

Institut Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Institutga qabul har yili belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida amalga oshiriladi;

Institut klinikasi muassisi Institut hisoblanadi hamda uning faoliyati Institut tomonidan muvofiqlashtiriladi;

Institut va Institut klinikasi – yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, tegishlicha davlat oliy ta’lim muassasasi va davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

Institut klinikasi bosh shifokori yashirin ovoz berish yo‘li orqali Institut ilmiy kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Institut rektori Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish huquqiga ega:

ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, davolash ishlariga zamonaviy usullarni tatbiq etish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida Institut klinikasi va o‘quv bazalaridagi o‘quv xonalarini ta’mirlash, jihozlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

Institut klinikasida yuqori texnologiyali tashxis qo‘yish va davolash usullarini joriy etish hamda Institutga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish maqsadida Institut klinikasi bilan o‘zaro shartnomalar asosida hamkorlikda pullik asosda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘linmalarini tashkil etish.

5. Institut klinikasi faoliyati:

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis qo‘yish (diagnostika) va davolash standartlariga rioya qilgan holda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash, shuningdek, aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;

shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga joylashtirish;

respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari va ular faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.

6. Belgilab qo‘yilsinki, Institut klinikasi quyidagi huquqlarga ega:

o‘ziga biriktirilgan davlat mulkidan samarali foydalanish va uni boshqarish bo‘yicha ishlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;

Institut bilan kelishilgan holda lavozimlar ro‘yxati va sonini ishlab chiqish va tasdiqlash;

xodimlar mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilash.

7. Quyidagilar:

a) Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

talabalarning to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishidan, shartnomalar asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Institut klinikasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari;

amalga oshirilgan va ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlardan tushadigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari Institut klinikasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan haqiqatda imtiyozli davolangan bemorlar bo‘yicha Institut klinikasi taqdim etgan choraklik hisobotlardan kelib chiqqan holda ajratiladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

bir oy muddatda oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlar asosida Institut tuzilmasi belgilangan tartibda tasdiqlanishi;

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha talabalari Institutning mos ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklariga o‘tkazilishi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi berilishi;

Institut klinikasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 maydagi “Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F–4947-son farmoyishi asosida barpo etilgan bino va inshootlarga joylashtirilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va boshqa tibbiyot oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda Institutda masofaviy ta’lim orqali dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish, shuningdek, Institut klinikasida telemeditsina imkoniyatlaridan keng foydalangan holda aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish va tibbiyot amaliyotlarini olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritsin.

13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov – ushbu qaror ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov – Institut va Institut klinikasi faoliyatini samarali tashkil etsin, mazkur qarorni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’minlasin, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin hamda uning ijrosi bo‘yicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.R. Sariyev – tashkil etilayotgan Institut klinikasi joylashtirilishi, uning bino va inshootlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi hamda qabul qilinishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D. Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati hamda Orolbo‘yi mintaqasi uchun yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, hudud aholisiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

qaror tibbiyot instituti

Baholaganlar

6

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing