Prezident qonunga xilof “snos”larni to‘xtatishni gapirdi
Jamiyat
−
08 dekabr 2019
6274"Hech kimning Qonunni buzishga haqqi yo‘q. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar. Lekin ming afsus, joylarda bu narsalarga hali e’tibor yo‘q. Yo‘q joydan muammo chiqayapti: "Uyni buzib ketdi", "Joyimni buzib ketdi", "Buzilgan joyning puli to‘lanmadi". Nega to‘lanmadi? Qonun bor-ku? Hali biz qonun ustuvorligini ta’minlay olmayapmiz, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi", deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari bu haqda kecha, 7 dekabr kuni mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda gapirdi.
"Hududlardagi ekin maydonlarida ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish, bino-inshootlarni betartib buzish kabi noxush holatlar qonunlar ijrosini nazorat qilish ishlari oqsayotganidan dalolat beradi. Shu bois Parlament, Hukumat va Oliy sud qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini ta’minlashning samarali mexanizmlarini qo‘llashi zarur.
Bu borada kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirishga, huquqiy axborotni zamonaviy usullar orqali keng ommaga yetkazishga, qonunlarni bilish va qo‘llash bo‘yicha mutasaddi rahbarlar faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqishga birinchi darajali e’tibor qaratish lozim", deydi davlat rahbari.
Prezident "snos" masalasini gapirarkan, bu yil bu kabi holatlar kun tartibiga chiqib, odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lganini qo‘shimcha qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda "snos"lar masalasida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Xorazm viloyati Farhod Ermanov, Qashqadaryoning sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyev Prezidentdan tanqid eshitib, ularga Hukumat tomonidan yil oxirigacha muhlat berilgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr