Prezident iste’fosini e’lon qildi. Parlament zudlik bilan yangi prezident qidiryapti

Olam

image

Bugun, 16 iyul kuni Shri-Lanka parlamenti Prezident Gotabaya Rajapaksaning iste’foga chiqqani rasman e’lon qilindi va parlamentning shoshilinch majlisi chaqirildi. 

“Parlament Bosh kotibi Prezident Gotabaya Rajapaksa Konstitutsiyaning 38-moddasi 1-qismi “b” bandiga muvofiq, 2022 yil 14 iyuldan boshlab prezidentlik lavozimini tark etganini ma’lum qildi”, deyiladi parlament xabarida. 

Parlament bosh kotibi Dxammika Dassanayake Shri-Lanka prezidenti lavozimi Gotabay Rajapaksa iste’foga chiqqanidan keyin bo‘shab qolgani va davlat rahbari lavozimiga nomzodlar 19 iyul taqdim etilishi kerakligini aytdi.

Bir nechta nomzod taqdim etilishi kutilayotganligi sababli 20 iyul kuni parlamentda orol davlatining yangi rahbarini saylaydigan deputatlar o‘rtasida ovoz berish o‘tkaziladi. Shu tarzda saylangan Prezident o‘z lavozimini tark etgan Rajapaksaning vakolat muddati tugaguncha, ya’ni 2024 yilning noyabrigacha ishlaydi.

Hozirda prezident vazifasini Bosh vazir Ranil Vikramasingxe bajarmoqda. U ham prezidentlikka asosiy nomzodlardan biri.

Yig‘ilish kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tkazilmoqda. Politsiya parlament majmuasiga olib boruvchi ko‘chalarni to‘sib qo‘ygan. 

Shri-Lankaning sobiq Prezidenti Rajapaksa 13 iyulga o‘tar kechasi ommaviy norozilik namoyishlari fonida mamlakatni tark etdi va oilasi bilan harbiy samolyotda Maldiv orollariga qochdi. 14 iyul kuni Prezident Singapurga uchib ketdi va u yerdan iste’foga chiqish to‘g‘risida rasmiy xat yubordi.  

Shri-Lankadagi siyosiy vaziyat 9 iyul kuni namoyishchilar davlat rahbari va Bosh vazirning qarorgohini egallab olishi bilan keskinlashgan. Tartibsizliklar paytida 100 dan ortiq odam jarohatlangan. 

Shri-Lankadagi vaziyat

Shri-Lankada bir necha oydan beri narxlarning ko‘tarilishi, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetishmasligi sabab norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgandi. Kundalik tovarlar keskin qimmatlashib, inflyatsiya darajasi 50 foizdan ko‘tarilib ketgandi.

Shuningdek, mamlakatda valyuta zaxiralari deyarli tugagani sababli boshqa davlatlardan tovar sotib olish uchun yetarli mablag‘ qolmagandi. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar ham odatiy holga aylanib qolgan. Dori-darmon yetishmasligi sog‘liqni saqlash tizimini inqiroz yoqasiga olib kelgan.

Qolaversa, avtobus, poyezd va tibbiy transport kabi muhim xizmatlar uchun yoqilg‘i yetishmovchiligi jiddiy tus olgan. Maktablar yopilgan va odamlardan resurslarni tejashga yordam berish uchun uydan ishlashlari so‘ralgan.

Shri-Lanka may oyida o‘ziga kerakli tovarlarni xorijdan xarid qila olmagani bilan birga, tarixida birinchi marta tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmay, bankrotlikka uchradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hukumatining 51 milliard dollardan ortiq tashqi qarzi bor, uning 6,5 milliard dollari Xitoyga to‘g‘ri keladi va ikki davlat qarzni qanday qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. G7 davlatlari Shri-Lankaning qarz to‘lovlarini kamaytirishga urinishlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Shri-Lanka hukumati, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan 3 milliard dollar ajratish borasida muzokaralar olib bormoqda.

Jahon banki Shri-Lankaga 600 million dollar qarz berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Hindiston qo‘shnisiga kamida 1,9 milliard dollar kredit taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shri-Lanka

Baholaganlar

136

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing