Prezident ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga oid qonunni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.

Qonun bilan, soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchi  qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek soliq hisoboti va moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari bo‘yicha tafovutlarning asoslarini belgilangan muddatlarda taqdim etmagan hollarda banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish vakolati berildi (ilgari sud tartibida choralar ko‘rilgan).

Shuningdek, Qonun bilan davlat organlariga tadbirkorlardan hujjatlarga muhr bosishni talab qilish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlash to‘g‘risida talab qo‘yish taqiqlandi.

“Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonun, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslariga mediatsiya institutini joriy etish bo‘yicha normalar kiritildi.

Masalan, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga asosan da’vo ishi yuritishda taraflar birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga sud hujjatini qabul qilish uchun chiqqunga qadar mediativ kelishuv tuzish orqali ishni tugallashga haqli.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksga soddalashtirilgan tartibda ish yuritish bo‘yicha alohida bob kiritildi. Unga ko‘ra, da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan – eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa - eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan oshmasa, ushbu da’vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun: soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ish sud muhokamasi o‘tkazilmasdan, taraflar chaqirilmasdan va ularning tushuntirishlari eshitilmasdan ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun ishbilarmonlik

Baholaganlar

28

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing