Prezident Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi
Jamiyat
−
25 avgust 7381 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 avgust kuni Samarqandga tashrifi buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. So‘ngra davlat rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Ayni paytda ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu yerda ulkan majmua barpo etilmoqda. Ziyoratgohning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi qurib bitkazilgan. Majmuaning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan. Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitilmoqda.

Prezident bu majmua faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi va kamoloti bu yerga keluvchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi qayd etildi. Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilmoqda. U islom olamida muhaddislar sultoni, deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.

Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.

Davlat rahbari qurilishni sifatli bajarish, odamlarga qulayliklarni ko‘paytirish, majmua atrofida yashil maydonlar sonini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga jo‘nab ketgandi. Sababi 25-26 avgust kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr