Prezident iqtidorli yoshlarni aniqlash va kadrlar tayyorlash tizimi bo‘yicha qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 3 may kuni “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Mamlakatimizda istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini takomillashtirish zarurati mavjud.

Yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrug‘ini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimining belgilangan shtatlar soni doirasida ushbu vazirlik tuzilmasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilansin:

iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlab borish, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ular asosida ta’lim muassasalari uchun tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish;

umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy va xalqaro, shu jumladan, nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish, ularning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash;

yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda olimpiadalar uchun doimiy yangi nazorat materiallarini ishlab chiqish;

xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, olimlar, professor-o‘qituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlash, ingliz tili va rus tili fanlaridan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish;

olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilarning kelgusidagi faoliyatini monitoring qilib borish va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.

3. Quyidagilar:

G‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda – xalqaro olimpiadalar) 1-ilovaga muvofiq;

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadalari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda davlat ta’lim standartlari o‘quv dasturlari va rejalarida belgilangan fanlar hamda ularga ajratilgan o‘quv soatlaridan kelib chiqqan holda asosiy olimpiadalar o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxatini tasdiqlasin.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarigakirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan olimpiada g‘oliblariga “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktiriladi.

5. Belgilansinki:

a) xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – 500, o‘qituvchisiga –450 baravari;

2-o‘rin (kumush medal) uchun – 300, o‘qituvchisiga –250 baravari;

3-o‘rin (bronza medal) uchun – 200, o‘qituvchisiga –150 baravari;

b) asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin uchun – 50 baravari;

2-o‘rin uchun – 35 baravari;

3-o‘rin uchun – 30 baravari;

v) xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi;

g) ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan:

xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz;

asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi;

d) oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

6. Departament O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 4-11 sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchunhar chorakda onlayn tarzda olimpiadalar tashkil qilish orqali iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirsin hamda zaxiraga kiritilgan yoshlar uchun Xalq ta’limi vazirligi veb-sayti orqali har oyda chuqurlashtirilgan nazorat materiallari, shu jumladan, test, yozma ishlar uchun masalalar yetkazib borilishini ta’minlasin.

7. Belgilab qo‘yilsinki:

a) asosiy olimpiadalarni tashkil qilish hamda xalqaro olimpiadalar uchun ishtirokchilarni saralash va tayyorlash xarajatlari:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;

b) o‘quvchi yoshlarning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq, shu jumladan, sutkalik, yashash va transport xarajatlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;

v) asosiy va xalqaro olimpiada g‘oliblari hamda ularning o‘qituvchilariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotlari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga to‘lanadigan ustama haqlari bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:

Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2019 yil 1 avgustga qadar barcha bosqichdagi olimpiadalar bo‘yicha ma’lumotlar, shu jumladan, olimpiadalar uchun tanlangan nazorat materiallari, iqtidorli o‘quvchilar zaxirasi, olimpiada ishtirokchilari, g‘oliblari, ularga biriktirilgan o‘qituvchilar hisobini yurituvchi axborot tizimini ishga tushirsin;

bir oy muddatda Departament zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va yuqori professional darajada bajarishga qodir malakali, chuqur bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega xodimlar bilan to‘ldirish, moddiy-texnika bazasini shakllantirish choralarini ko‘rsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tarkibida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda o‘quvchi-yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etishiga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida oliy ta’lim muassasalari tomonidan har yili o‘tkaziladigan oliy ta’lim muassasalari olimpiadalarining reja-jadvalini tasdiqlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish va xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

iqtidorli o‘quvchilar zaxirasiga kiritilgan o‘quvchi- yoshlar olimpiadalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat bosqichida qatnashishi, olimpiadalarning viloyat va respublika bosqichi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi veb-sayti orqali onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilishi;

olimpiadalar ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilishi, natijalari ular o‘tkazilgan kunning o‘zida e’lon qilinishi;

oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan olimpiada g‘oliblariga “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarning biriktirilishi;

asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblariga davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini taqdim etuvchi sertifikat berilishi;

barcha bosqichdagi olimpiada natijalari, shu jumladan, ishtirokchilar to‘g‘risida ma’lumot, ularning yozma ishlari to‘liq axborot tizimiga kiritilishi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi veb-saytida e’lon qilinishi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3931-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartish kiritilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini keng ko‘lamda yoritishni tashkil etsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvahitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 3 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

11

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing