Tibbiyot xodimlarini tajovuzdan himoyalash to‘g‘risidagi qonun qaytarib yuborildi

Jamiyat

image

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kasbiy faoliyatini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish holatlarini tez-tez uchratayapmiz. Ko‘p hollarda, tibbiyot xodimlariga qilingan hujumlar natijasida ularning sog‘lig‘iga zarar yetmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi quyi palatasining joriy yilning 6 oktyabr kuni o‘tkazilgan majlisida shunday vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan “Tibbiy yordam ko‘rsatish vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi o‘z xizmat vazifasini olib borayotgan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Mazkur qonun loyihasi qizg‘in muhokamalar, tortishuvlarga boy bo‘ldi. Asosli taklif va tavsiyalar bildirldi.

“E’tiborimizga havola etilgan mazkur qonun loyihasi kuni kecha “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasida ham atroflicha muhokama qilindi. Qonun loyihasining konsepsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Tibbiyot xodimlarining himoyasini yanada kuchaytirish kerak. Chunki, bugungi kunda shifokorlar xalq salomatligi yo‘lida kunu tun ishlamoqda. Lekin keyingi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli noqonuniy harakatlar, jumladan, ularni urish, haqorat qilish holatlari ko‘p uchramoqda. Shunday ekan, tibbiyot xodimlarining himoyasini ta’minlamasak, tibbiy xizmatning sifati haqida gapira olmaymiz.

Qonun loyihasi konseptual jihatdan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Qonunning bunday tahriri shifokorlarning himoyasini to‘liq ta’minlay olmaydi. Unda bir qator e’tibordan chetda qolgan masalalar bor. Biz ularni bartaraf qilmasak, ertaga amaliyotda ba’zi muammolarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, tibbiyot xodimlariga nisbatan har qanday jinoyatni, kerak bo‘lsa, jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb qabul qilishimiz kerak. Shundan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 56-moddasiga ham qo‘shimchalar kiritishimiz kerak.

Ikkinchidan, qonun loyihasida shifokorlarga faqat tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratilgan. Holbuki, kundalik hayotimizda ko‘p hollarda shifokorlarni haqorat qilish holatlari ham kuzatiladi. Lekin haqorat qilish masalasi, ya’ni Jinoyat kodeksining 140-moddasi e’tibordan chetda qolgan.

Uchinchidan, Jinoyat kodeksining 104-105-moddalariga kiritilayotgan o‘zgartishlar yuridik texnika va tilshunoslik qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonun loyihasini qaytarish emas, qo‘mitaga yanada pishiq-puxta tayyorlash maqsadida muhlat berishni taklif qilaman”, dedi O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Jahongir Shirinov.

 “Mazkur qonun loyihasini takomillashtirish bilan birga, shifokorlarning kasbiy majburiyatini bajarmayotganiga nisbatan ham javobgarlikni birga olib kirishimiz kerak. Mening fikrimcha, tibbiyot xodimlariga nisbatan turli noroziliklar shifokorning o‘ziga qo‘yilgan kasbiy majburiyatini u yoki bu sabab bilan bajarmagani yuzasidan kelib chiqadi. Yo tez yordam kech qolgan bo‘ladi, yo malakasi yetishmaydi, yo noto‘g‘ri muolaja qilib qo‘yishi mumkin. Tibbiyot xodimlarining kichik xatosi tufayli bir umr majruh bo‘lib qolganlar ham bor. Shu nuqtai nazardan, qonun loyihasiga shifokorning kasbiy majburiyati bo‘yicha ham norma kiritish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman”, dedi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Abdurashid Abduqodirov.

Qizg‘in bahs-munozara, savol javoblardan so‘ng, yuqoridagi takliflardan kelib chiqib, mas’ul qo‘mitaga qonun loyihasini yanada takomiliga yetkazish, pishiq-puxta, amaliyotda keng qo‘llaniladigan etib tayyorlash tavsiya etildi.

Loyiha parlament quyi palatasining navbatdagi majlislaridan birida ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qonunchilik palatasi bezorilik tibbyot xodimi

Baholaganlar

68

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing