Prezident gematologiyaga doir qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida aholiga qulay va sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya, tez tibbiy yordam hamda ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatishda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Aholiga gematologik yordam ko‘rsatishni yangi bosqichga ko‘tarish, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash tizimini yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or tashxis usullarini joriy etish va gematologik kasalliklarni davolashda transplantatsiya usulini rivojlantirish, gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni davolashni moliyaviy tomondan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish maqsadida:

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

gematologik kasalliklarga tashxis qo‘yish uchun tibbiyot muassasalarining laboratoriyalarini reagentlar bilan ta’minlanganlik darajasini 7,5 barobarga oshirish;

respublika va hududiy tibbiyot muassasalarining gematologik kasalliklarini davolash uchun zarur bo‘lgan dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasini 2020 yilda 6 barobarga va keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshirib borish;

miyeloma va limfoma kasalligiga chalingan bemorlarda autologik o‘zak hujayralari transplantatsiyasini o‘tkazish;

transfuziologiya (qon bilan ishlash) xizmati moddiy-texnika bazasini yaxshilash, qon komponentlari va preparatlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda xavfsizligini ta’minlash, aholi o‘rtasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish.

Dasturga muvofiq gematologiya xizmatini rivojlantirish uchun 546,5 milliard so‘m va 70,7 million AQSH dollari ajratilishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab va keyingi besh o‘quv yili davomida “Gematologiya va transfuziologiya” mutaxassisligi yo‘nalishi bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturada kadrlarni davlat grantlari asosida tayyorlash;

hududiy tibbiyot muassasalarining gematolog va laborant shifokorlarini asosiy ish joylarida oylik maoshi saqlab qolgan holda respublikaning yetakchi tibbiyot muassasalarida stajirovka o‘tishi va malaka oshirishini tashkil etish;

gematologiya yo‘nalishi bo‘yicha kadrlarni xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarning klinik ordinatura (rezidentura), magistratura va doktorantura bosqichlarida tayyorlash.

3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:

Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti negizida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz);

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari kattalar va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan o‘rin-joylar sonini oshirish hisobiga gematologiya bo‘limlarining kattalar va bolalar uchun mo‘ljallangan o‘rin-joylarini mos ravishda 20-30 taga yetkazish hamda Toshkent shahridagi tegishli tibbiyot muassasasida 20-30 o‘rinli kattalar bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Markaz:

Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarining gematologiya bo‘limlari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qiladi;

b) 2020 yil 1 apreldan boshlab Markazga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyatini yuritish bilan bog‘liq amaldagi tartib tatbiq etiladi.

5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Hududgazta’minot” AJ, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Hududgazta’minot” AJ Chilonzor tuman gaz ta’minoti filialining Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 5-mavze, 55-a uyda joylashgan bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Markaz infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Markazga bepul o‘tkazib berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Toshkent shahar hokimligi ikki oy muddatda “Hududgazta’minot” AJ Chilonzor tuman gaz ta’minoti filialiga tegishli yer maydoni ajratilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 sentyabrga qadar Markazga yangi bino qurish va mavjud binolarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish choralarini ko‘rsin.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti hisobidan Markazning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga zarur mablag‘lar ajratish choralarini ko‘rsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining asosiy parametrlariga Markazga yangi bino qurish va mavjud binolarni rekonstruksiya qilish loyihasini kiritish bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

9. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

•    O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushadigan tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i yig‘im summasining 7 foizi;

•    Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

•    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

•    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. Belgilansinki:

a) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashxis qo‘yiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

b) Jamg‘arma mablag‘laridan:

onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishda;

onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishda;

onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun foydalaniladi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Jamg‘arma to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda Jamg‘arma mablag‘larini sarflashning aniq va shaffof tartibi, uning daromadlari va xarajatlari bo‘yicha hisobot berish, oshkoralik va xolislikni ta’minlash masalalarini nazarda tutsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda:

Markazning tuzilmasi va ustavini;

respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmi va turi bo‘yicha gematologik tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini;

mutaxassislarning funksional vazifalarini hamda gematolog kabineti va bo‘limini jihozlash standartlarini tasdiqlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining har yilgi parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin;

Jamg‘armaga belgilangan miqdordagi mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan yo‘naltirilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xalqaro hukumat moliyaviy tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini jalb qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov – mazkur qarorning o‘z vaqtida sifatli va to‘liq ijro etilishini ta’minlasin, unda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul vazirlik, idoralar va tashkilotlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirsin, ularning bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini har chorakda qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rsin;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov – mazkur qaror bilan belgilangan tegishli chora-tadbirlarni to‘liq hajmda moliyalashtirilishini ta’minlasin, ajratilayotgan byudjet mablag‘larining samarali foydalanishi ustidan nazorat o‘rnatilishini tashkil qilsin;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shadmanov – aholiga gematologik yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash, kasalliklar profilaktikasi, erta tashxis qo‘yish va davolash choralarini takomillashtirsin, Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlasin hamda mazkur qaror ijrosi bo‘yicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari B.M.Nizamov – Markazga yangi bino qurish va mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, gematologiya va transfuziologiya xizmatlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani belgilangan muddatlarda va to‘liq hajmda xarid qilish ishlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasin hamda sohaga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grant mablag‘larini keng jalb qilsin;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsinlar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 10 fevral


Maqola muallifi

Teglar

qaror gematologiya transfuziologiya qon

Baholaganlar

21

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing