Prezident futbolga doir farmonni imzoladi
Jamiyat
−
06 dekabr 2019
10786O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Quyida farmon loyihasi bilan to‘liq tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda xalqimizning salomatligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar o‘yini bo‘lgan va mamlakatimizda alohida o‘rin tutadigan sportning futbol turiga aholini, ayniqsa, yoshlarni keng jalb etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish (seleksiya) tizimi va futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, futbol bo‘yicha sport maktablari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini yaxshilash, o‘tkazilayotgan musobaqalar saviyasini yuksaltirish kabi masalalar dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda futbolni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turiga aylantirish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, mamlakat futbolini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, futbol klublari faoliyatini rivojlantirish, terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etish, mamlakatimizda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini o‘tkazish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining quyidagilarni O‘zbekiston Respublikasida professional futbolni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
• bolalar va o‘smirlarning futbol bilan shug‘ullanishga qiziqishini oshirish, havaskor futbolni ommaviylashtirish, bu borada umumta’lim maktablari, boshqa ta’lim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda futbol bo‘yicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etish;
• yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish (seleksiya) tizimini tubdan takomillashtirish, ularni bosqichma-bosqich professional tayyorgarlikdan o‘tkazib borish orqali futboli rivojlanayotgan davlatlarning yetakchi klublariga “futbolchilar eksporti”ni amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
• futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish va ularni rag‘batlantirish, futbol sohasini bozor mexanizmlari asosida boshqarish, futbol klublarini xususiy sektorga o‘tkazish hamda ular orasida sog‘lom sport raqobati muhitini yaratish;
• futbol musobaqalari tomoshabopligini oshirish hamda futbolni rivojlantirishning yangi tizimini samarali yo‘lga qo‘yish orqali “o‘zbek futboli” maktabini yaratish;
• futbol sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga ilg‘or ilmiy-metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
• futbol sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, futbol infratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yanada yaxshilash hamda xalqaro talablarga moslashtirish.
2. Quyidagilar:
• O‘zbekistonda professional futbolni rivojlantirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq;
• O‘zbekistonda futbolni 2030 yilgacha rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi 2-ilovaga muvofiq;
• O‘zbekistonda futbolni 2030 yilgacha rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasini 2019-2020 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, vazirlik va idoralar rahbarlarining “Yo‘l xarita”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarligi ko‘rsatib o‘tilsin.
3. O‘zbekistonda futbolni 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli ko‘rsatkichlar) tasdiqlansin va unda shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:
• umumiy aholiga nisbatan futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini kamida 5 foizgacha yetkazish orqali respublikada futbolning ommaviyligini ta’minlash;
• Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasining milliy terma jamoalar reytingida O‘zbekiston milliy terma jamoasining kuchli 50 talikka kirishiga erishish;
• xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari sonini bosqichma-bosqich oshirish;
• O‘zbekiston Respublikasida Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tasnifiga kiruvchi chempionatlar va rasmiy xalqaro turnirlarni tashkil qilish va o‘tkazish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali bajarish uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining:
• professional futbol klublari qoshidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar-o‘smirlar futbol maktablari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablari (keyingi o‘rinlarda – futbol mahorat maktablari) hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablarini tashkil etish;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda aholi sonidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha futbol mahorat maktablarini tashkil etish;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalarini futbol mahorat maktablari etib qayta tashkil etish va ularni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga o‘tkazish;
• ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari negizida olimpiya zaxiralari kollejlarini hamda ularga ajratilgan qabul kvotasi doirasida futbol bo‘limlarini tashkil etish va ularda futbol bo‘yicha mutaxassislarni (sportchilardan tashqari) tayyorlash;
• futbol mahorat maktablarining rahbarlari, trenerlari va boshqa xodimlariga olimpiya zaxiralari kollejlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini qo‘llash;
• futbol mahorat maktablarini tegishlicha hududiy professional futbol klublariga biriktirish;
• 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab tegishli ta’lim muassasalarida futbol klublari, sport ta’lim muassasalari uchun sport shifokori, sport psixologi, sport farmakologi, sport huquqshunosi va sport diyetologi yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil qilish;
• zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda trener, seleksioner (skaut), tahlilchi, hakam, marketolog va futbol menejeri yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish orqali O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazini tashkil etish;
• xalqaro tajribadan kelib chiqib, Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi talablariga muvofiq, 2021 yilgi futbol mavsumidan boshlab Superliga jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarda adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida VAR (Video Assistant Referee, video yordamchi hakam) tizimini joriy etish;
• xalqaro talablardan kelib chiqib, salohiyati yuqori futbolchilarni professional darajada tayyorlash, ular xorijiy davlatlarning nufuzli futbol klublarida professional faoliyat olib borishini ta’minlash, shuningdek, futbolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida futbol bo‘yicha agentlar (vositachilar)ning faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolatini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuklash;
• 2021 yil 1 yanvardan boshlab xalqaro tajribadan kelib chiqib, sport sohasini, ayniqsa, futbolni yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish;
• O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasining tuzilmasiga qo‘shimcha ikkita seleksioner shtat birligini kiritish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
• O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar shaxslar tomonidan bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishni buzish, shuningdek, totalizator o‘ynash, o‘yinga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish, ularda ishtirok etish yuzasidan javobgarlikni belgilash bo‘yicha Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
• maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va sport ta’lim muassasalarida futbol bo‘yicha o‘quv, o‘quv-mashq, tarbiyalanuvchi va o‘quvchilarni saralab olish (seleksiya) hamda ularda musobaqalarni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilanadi va muvofiqlashtirib boriladi;
• futbol mahorat maktablari direktorlari va sport bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
6. 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablarini tashkil etish, ularda qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020 yil va kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan futbol mahorat maktablarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun markazlashgan kapital quyilmalar limitlari ajratilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi futbol mahorat maktablarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
a) umumta’lim maktablari o‘rtasida:
• har bir tuman (shahar)da doimiy ravishda yiliga kamida ikki marotaba “Maktablar futbol ligasi” musobaqalari o‘tkazib boriladi;
• “Maktablar futbol ligasi” musobaqalari tuman (shahar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga hamda O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.
• Bunda “Maktablar futbol ligasi” musobaqalarini o‘tkazish natijalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar tuman (shahar) bolalar-o‘smirlar sport maktablarining futbol bo‘linmalari hamda xususiy futbol maktablariga saralab olinadi (seleksiya);
b) tuman (shahar) bolalar-o‘smirlar sport maktablari futbol bo‘linmalari va xususiy futbol maktablari o‘rtasida:
yosh toifasidan kelib chiqib belgilangan me’yorlar asosida tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda respublika miqyosida “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalari o‘tkazib boriladi;
“Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.
Bunda “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalarini o‘tkazish natijalari bo‘yicha futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalariga futbolchilar saralab olinadi (seleksiya);
v) futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari o‘rtasida:
yosh toifasidan kelib chiqib belgilangan me’yorlar asosida “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari o‘tkazib boriladi;
“Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalarini o‘tkazish natijalari bo‘yicha hududiy professional futbol klublariga futbolchilar saralab olinadi (seleksiya);
“Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.
Bunda futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari futbolchilari respublika hamda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etadi;
g) O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar
va o‘smirlar futbol akademiyasida futbol bo‘yicha turli yosh toifasidagi terma jamoalar tayyorgarlik ko‘radilar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan professional futbol klublari ustav fondlaridagi davlat va davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ulushlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish orqali xususiy investorlarga sotish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladigan professional futbol klublari ustav fondidagi davlat va davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining ulushlari ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qayd etilsinki:
professional futbol klublari ustav fondidagi davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ulushlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xo‘jalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatida kamaytirish hisobiga beriladi;
mazkur Farmonning 6-ilovasida ko‘zda tutilgan professional futbol klublarining ustav fondidagi davlat ulushlari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga asosan belgilangan tartibda sotiladi.
10. Professional futbol klublariga davlat korxonalari va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan ajratilayotgan moliyaviy mablag‘larning samarali foydalanilishi ustidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan monitoring o‘tkazish amaliyoti joriy qilinsin.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi:
• monitoring natijalari yuzasidan davlat korxonalari va tashkilotlariga, shuningdek, yuqori turuvchi organlarga taklif va tavsiyalar kiritib borsin;
• professional futbol klublaridagi sportchi va boshqa mutaxassislarni rag‘batlantirish tizimi shaffofligini ta’minlash maqsadida ikki oy muddatda yagona tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyati tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha daromadlari hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2020-2021 yillarda:
• Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, Yangibozor qo‘rg‘oni hududida futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot markazini tashkil etish;
• O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida funksional diagnostika, sportchilarni sog‘lomlashtirish va reabilitatsiyasi uchun zamonaviy sport tibbiy markazini tashkil qilish va zarur tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining markazlashgan kapital quyilmalar limitlari doirasida futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot markazini qurish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin va ularda shu jumladan quyidagilarni:
• bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilishini;
• bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet tarmog‘i provayderlarida xizmatlar ko‘rsatilishini tartibga solishni;
• bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari daromadlarining bir qismini sport turlari, shu jumladan, futbolni rivojlantirish uchun yo‘naltirishni;
• bukmekerlik faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish mexanizmlari joriy etilishini nazarda tutsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi futbol mahorat maktablari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, ularni futboli rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash xarajatlari uchun zarur mablag‘larni 2020 yilda Davlat byudjetining “Madaniyat va sport” sohasiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida ajratsin va 2021 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020 yil 1 fevralga qadar tegishli hududlarda stadion va futbol maydonlarini xatlovdan o‘tkazsin va xatlov natijasi bo‘yicha egasi noma’lum stadion va futbol maydonlari qonunchilikda belgilangan tartibda joylardagi tuman (shahar) bolalar-o‘smirlar sport maktablariga o‘tkazilishini ta’minlasin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Adliya vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi A.A.Azizov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 4 dekabr
LiveBarchasi