Yana bir xorij avtomobil kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kiradi
Texnologiya
−
04 mart 2020
26346Bugun, 4 mart kuni “O‘zavtosanoat” AJ va “Folksvagen Grup Rus” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, “Jizzax avtomobil zavodi” MCHJ bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish tashkillashtiriladi. Shuningdek ishlab chiqarilgan texnikani sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Zavod Volkswagen konsernining yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan bir necha modeldagi yengil tijorat avtomobillarini to‘liq sanoat sikli bo‘yicha ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Folksvagen Grup Rus” yangi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini taqdim etadi, shuningdek, xodimlarni o‘qitishni amalga oshiradi. Zavod Volkswagen konsernining ishlab chiqarish, sifat, xaridlar, yetkazib berish va sotuv tizimlari boshqaruvi borasidagi zamonaviy standartlariga muvofiq ish yuritadi. Aniqlik kiritilishicha, korxona rejalariga mahalliy avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarini (bugungi kunda ular “O‘zavtosanoat” AJga tegishli 30 ta yirik zavod va 160 dan ziyod o‘rta hamda kichik korxonalardan iborat) jalb qilish orqali muayyan mahalliylashtirish darajasini ta’minlash ham kiradi.
“Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 000 dona avtomobilga teng bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Bitim doirasida tomonlar hamkorlikni 2020 yilda Volkswagen Caddy modelini ishlab chiqarish va sotish bilan boshlashga kelishib oldi. U ikkita modifikatsiyada taklif etiladi: 7 o‘rinli yo‘lovchi universali va yuk furgoni. Ushbu model ham tijorat, ham oilaviy foydalanishga mo‘ljallangan. Avtomobil quvvati 110 o.k. va hajmi 1,6 litrli tejamkor benzinli dvigatel bilan jihozlanadi. Shahar sikli rejimida yoqilg‘i sarfi 100 km.ga 9,3 l., trassada – 100 km.ga 6,1 l.ga to‘g‘ri keladi.
Xabarga ko‘ra, hamkorlik doirasida kelajakda Volkswagen Group konsernining keng modellar qatoridan boshqa namunalarni ham ishlab chiqarish va keltirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda Chevrolet, Ravon, MAN, Isuzu, Kamaz va Sinotruck brendlari ostida yetakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
LiveBarchasi