Prezident “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.

Unga ko‘ra, dehqon xo‘jaligi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida dehqon xo‘jaligi boshlig‘iga berilgan yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni va realizatsiya qilishni dehqon xo‘jaligi a’zolarining shaxsiy mehnati asosida amalga oshiruvchi xo‘jalikdir.

18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli bo‘lgan, o‘ziga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilgan O‘zbekiston fuqarosi yoki respublika hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs dehqon xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lishi mumkin.

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari beriladi, ulardan dehqon xo‘jaligi ixtisoslashuvi asosida faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilishi kerak. Shuningdek yer uchastkasi asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlarining qator oralariga ekish yoki asosiy va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini navbatlab ekish yo‘li bilan yetishtirish uchun ham foydalanilishi mumkin.

Fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning asosiy ekindan bo‘shagan qismi oraliq qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish uchun 0,06 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berilishi mumkin.

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida binolar va inshootlarni, shu jumladan yer osti inshootlarini qurish taqiqlanadi, bundan yengil konstruksiyali issiqxonalarni va boshqa imoratlarni, shuningdek sug‘orish inshootlarini qurish mustasno. Dehqon xo‘jaligi tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ixtisoslashuvga ko‘ra amalga oshirilmagan taqdirda, yer solig‘i uch baravar miqdorda undiriladi.

Dehqon xo‘jaligi:

  • Dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirma asosida o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qo‘shimcha hujjatlarsiz (ruxsatnomalarsiz) respublika hududida erkin tashish va realizatsiya qilish huquqiga ega;
  • o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dalasida, dehqon bozorlarida va savdo markazlarida, shuningdek aholi punktlarida sayyor savdo tashkil etish yo‘li bilan qo‘shimcha ruxsatnomalarsiz (litsenziyalarsiz) realizatsiya qilish huquqiga ega;
  • o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga yoki bank kartalari bo‘yicha naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali cheklovlarsiz realizatsiya qilish huquqiga ega. Bunda dehqon xo‘jaligi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun kassa operatsiyalari qoidalarida nazarda tutilgan hisob yuritishi shart emas.

Dehqon xo‘jaligi tomonidan o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlarga soliq solinmaydi.

Dehqon xo‘jaligi o‘z faoliyati natijalarining hisobini yuritadi hamda belgilangan shakldagi ma’lumotnomani dehqon xo‘jaligi joylashgan yerdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga hisobot davridan kelgusi yilning 15 martiga qadar taqdim etadi. Unda yil davomida yer uchastkasida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmlari, shuningdek issiqxonalar soni to‘g‘risidagi axborot ko‘rsatiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun Dehqon xo'jaligi

Baholaganlar

301

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing