Prezident chorvachilikni rivojlantirishga oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 18 mart kuni “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

Chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish xalqimizni arzon va sifatli go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.

Shu bilan birga, hududlardagi ishlarning hozirgi holati mazkur tarmoq korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ozuqa bazasini ko‘paytirish, naslchilikni yaxshilash, shu jumladan, sun’iy urug‘lantirishni rivojlantirish va naslchilik xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida aniq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Xalqimizning chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ushbu tarmoqda ilmiy yondashuvlar va ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop chorva mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yanada rag‘batlantirish, pirovardida aholi farovonligini yuksaltirish va daromadlarini ko‘paytirish maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga (keyingi o‘rinlarda – ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar deb yuritiladi) ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan 1-ilovaga muvofiq ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq ajratiladigan lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.

Bunda subsidiya xarajatlari 2019 yilda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, 2020 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga ajratiladigan kreditlarning valyuta turidan qat’iy nazar bir gektarga ekvivalenti 20 million so‘mdan oshmaydigan qismi bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda 1-ilovaga muvofiq ajratilayotgan yer uchastkalarida yer osti suv chiqarish uchun sug‘orish tik quduqlari burg‘ulash joylarini aniqlab, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni xabardor qilsin.

4. Sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulash uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mazkur quduqlarni burg‘ulash loyihalariga ekologik ekspertiza xulosalari hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologik xulosalar berilishini ta’minlasin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar tomonidan lalmi va yaylov yerlar o‘zlashtirilgan taqdirda, ulargachorva mollarini saqlash (fermalar), shu jumladan, energiya manbalari uskunalarini o‘rnatish va ularni kelgusida ekspluatatsiya qilish hamda boshqa turdagi infratuzilma ob’ektlarini qurish uchun yer uchastkalarini, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimlarining qarorlari asosida ajratib berilishini ta’minlasin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4231–son qarori ijrosini tashkil etish jarayonida “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari”ning tavsiyasiga asosan:

chorvachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini 2 yil muddatda haqiqiy daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga bersin;

mazkur fuqarolarga ushbu bandda ko‘rsatilgan tartibda ajratilgan yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hamda naslli chorva moli sotib olish uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatsin.

7. Quyidagilar:

2019-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidanozuqabop ekinlarning birlamchi urug‘larini yetishtirish prognoz hajmlari 2-ilovaga muvofiq;

Xo‘jaliklarning asosiy maydonlarida cho‘l-yaylov ozuqabop ekinlar urug‘larini ekin turlari va navlari bo‘yicha 2019 yilda joylashtirish rejasi 3-ilovaga muvofiq;

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida cho‘l-yaylov ozuqabop ekinlarining birlamchi urug‘lik maydonlarini barpo etish uchun xarid qilinishi zarur bo‘lgan moddiy-texnika vositalari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

ozuqabop ekinlar urug‘larini yetishtiruvchi xo‘jaliklarning yer maydoni hajmlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga:

bir oy muddatda har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda ozuqabop ekinlar urug‘lariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda xo‘jaliklarda urug‘lik yetishtirish maydonlari ajratilishini;

ozuqabop ekinlar urug‘larini optimal muddatlarda ekish, parvarish qilish, urug‘ hosilini uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olish tadbirlarining o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ozuqabop ekinlar urug‘larini yetishtiruvchi rivojlangan mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xo‘jaliklar mutaxassislari malakasi doimiy ravishda oshirib borilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

xo‘jaliklarga sertifikatlangan yuqori sifatli ozuqabop ekinlarning birlamchi urug‘larini yetkazib berishni;

ozuqabop ekinlarning yangi navlari va duragaylarini yaratish, ularning agrotexnologiyalarini takomillashtirish, birlamchi urug‘chilik ishlarini olib borish, superelita va elita urug‘larini yetishtirish, yer tarkibini yaxshilovchi kuchsiz va o‘rta darajada sho‘rlangan tuproq sharoitlariga mos yuqori oqsilli va noan’anaviy (oq lyupin, payza va boshqalar) ozuqabop ekinlarni iqlimlashtirish, seleksiya va urug‘chilik ishlarini olib borish hamda mahalliy sermahsul chorva mollari liniyalari va tiplarini yaratishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarini doimiy ravishda tashkil etishni ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat veterinariya qo‘mitasining sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha mavjud tizimni saqlagan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan eksperiment tariqasida 2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi barcha toifa xo‘jaliklarda naslchilik, shu jumladan, sun’iy urug‘lantirish va servis xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

11. “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan aholi, fermer, dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar qaramog‘idagi sigirlarni sun’iy urug‘lantirishni tashkil etish bo‘yicha eksperimentni qo‘llab-quvvatlash va ushbu ishlarning tizimli davom ettirilishini ta’minlash maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan 2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida sigirlarni sun’iy urug‘lantirishni tashkil etish maqsadida 6-ilovaga muvofiq talab etiladigan moddiy-texnika vositalari bilan bir marta ta’minlash uchun kerakli mablag‘larning O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasiga byudjet mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan olib berilgan moddiy-texnika vositalarining maqsadli ishlatilishi hamda ushbu vositalardan foydalanish orqali olingan mablag‘lar hisobidan ularni doimiy yangilab borish va uning faoliyati kengaytirib borilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat veterinariya qo‘mitasi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi bilan birgalikda:

6-ilovada keltirilgan moddiy-texnika vositalarining samarali va maqsadli ishlatilishini;

sun’iy urug‘lantirilgan sigirlarning hamda ulardan olingan buzoqlarning elektron hisobi yuritilishini;

Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasining filiallari tashkil etilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yilda “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida o‘tkaziladigan eksperiment natijasidan kelib chiqib, ushbu tajribani keyingi yillarda respublikaning barcha hududlarida joriy etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi 
bilan birgalikda 2020 yilda Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida chorva mollari genetikasini tahlil qilish uchun zamonaviy genomika laboratoriyasini tashkil etish, zamonaviy kimyo laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, ozuqabop ekinlar agrotexnologiyalari va birlamchi urug‘chilik ishlarini olib borish uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash, zarur texnika va agregatlarni xarid qilishga yetarli miqdorda mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.

15. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Qibray tumani, “Shalola” MFY hududidan Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga ozuqabop ekinlarning superelita va elita urug‘larini yetishtirish uchun 30 gektar sug‘oriladigan yer ajratilishini ta’minlasin.

16. Quyidagilar 2022 yil 1 yanvarga qadar:

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar, shuningdek, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar va xom ashyolar 7-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin;

asalarichilik sub’ektlari asalari oilalarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirib chiqarishi natijasida yig‘ib olgan tabiiy asalni (TIF TN kodi 0409 00 000 0) respublika hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.

Bunda imtiyoz bitta asalari oilasi bo‘yicha olib kirilayotgan tabiiy asalning 50 kilogrammdan oshmagan qismiga nisbatan qo‘llaniladi.

17. Asalarichilik sub’ektlariga bahor-yoz mavsumida asalari oilalarini qo‘shni mamlakatlarga “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida ko‘chirib chiqarishga ruxsat berilsin.

18. Belgilansinki, 2019 yil 1 apreldan boshlab bir kunlik jo‘jalarni (TIF TN kodi 0105 11 110 0, 0105 11 190 0, 0105 11 990 0) eksport qilishga ruxsat etiladi.

19. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda 10 kun muddatda ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarning sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulash bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda chorva hayvonlarini so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste’mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotishga nisbatan veterinariya-sanitariya qoidalari hamda ixtisoslashgan so‘yish korxonalariga nisbatan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoida va me’yorlarini;

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sanoat usulidagi parrandachilik korxonalari faoliyatini amalga oshirishda zootexnika, zoogigiyena, veterinariya, veterinariya-sanitariya, ekologiya, sanitariya, yong‘in hamda qurilish bo‘yicha xavfsizlik talablarini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi 
Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.J.Vahobov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 18 mart

 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Charvachilik

Baholaganlar

52

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing