Prezident Bo‘stonliq tumani to‘g‘risida alohida farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

So‘nggi yillarda Toshkent viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash orqali turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, viloyatning o‘ziga xos tabiiy hududlarida yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish, turistlar oqimini yanada ko‘paytirish, zamonaviy turistik infratuzilmaning jadal rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan Toshkent viloyatida mavjud turizm salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmagan, turistik infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, xizmat ko‘rsatish sohasida rivojlangan mamlakatlar darajasidan kam bo‘lmagan salohiyatga ega bo‘lsada, bugungi kunga kelib tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yetarli darajada emas hamda o‘z yechimini topmagan bir qator muammolar mavjud. Xususan:

birinchidan, tumanda mahalliy boshqaruv tizimidagi muammolar sababli, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan;

ikkinchidan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yo‘l, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr tarmog‘i infratuzilmalari eskirgan va talab darajasida emas, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari yetarli darajada tashkil etilmagan;

uchinchidan, tumanning bosh rejasi, batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish yakuniga yetkazilmaganligi sababli noqonuniy qurilishlarning oldini olish borasidagi ishlar talab darajasida amalga oshirilmagan;

to‘rtinchidan, tumanning asosiy qismi dam olish rekreatsion hudud bo‘lishiga qaramasdan, chiqindilarni qayta ishlash, atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish holati qoniqarsiz darajaga kelib qolgan.

Bo‘stonliq tumanining mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, hududga xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash, ko‘rsatilayotgan turistik, mehmonxona, transport va boshqa xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini oshirish hamda shu orqali aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini ko‘paytirish, turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida:

1. Bo‘stonliq tumanining turistik yo‘nalishdagi raqobatdosh ustunliklaridan samarali foydalanish, hududning ixtisoslashuvini aniq belgilash, turistik, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash orqali aholi bandligini ta’minlash uchun 2022 yil 31 dekabrga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy qilinsin.

2. Belgilansinki, alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi doirasida:

a) Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Direksiya) direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Bo‘stonliq tumani (keyingi o‘rinlarda –tuman) hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Bunda, Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi:

tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘linmalari rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taklif kiritadi;

tuman hokimligi boshqaruv apparati va davlat boshqaruvi organlari tuman bo‘linmalarining tuzilmalariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarini tumanda mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qiladi, shuningdek, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taklif kiritadi;

b) Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida tumanda joylashgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq davlat mulki ob’ekti bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’ektlar, shuningdek, turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati bo‘lgan yer uchastkalari Direksiyaga keyinchalik samarali foydalanish va (yoki) realizatsiya qilish uchun o‘tkaziladi;

v) “Chorvoq” erkin turistik zonasi (keyingi o‘rinlarda – erkin turistik zona) hududida joylashgan hamda ushbu bandning “b” kichik bandiga asosan Direksiyaga o‘tkazilgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalarini realizatsiya qilish Direksiyaning qaroriga asosan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi;

g) erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari yer fondini bir toifadan boshqasiga o‘zgartirish, uni turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun ajratish erkin turistik zona Ma’muriy kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda, yer uchastkalari egalariga Toshkent viloyatining boshqa hududlaridan faoliyat turiga mos yer uchastkasi va yetkazilgan zararni qoplash nazarda tutiladi;

d) tumanda joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini yuritish uchun elektron onlayn auksion orqali sotuvga qo‘yish Direksiya qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;

ye) erkin turistik zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini sotib olgan investorlarga yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqlari istisno tariqasida Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtiriladi;

j) tumanda (erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari bundan mustasno), shu jumladan, o‘rmon fondi yerlarida yer uchastkalarini ajratish, ko‘chmas mulkni buzish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani qurish bilan bog‘liq qarorlar Direksiya bilan majburiy tarzda kelishiladi;

z) tuman hokimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar va soliq bo‘linmalarining rahbarlari esa maqomi, shu jumladan, mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha tegishlicha ushbu davlat organlarining respublika darajasidagi rahbarlari o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;

i) barcha davlat boshqaruvi organlarining respublika darajasidagi rahbar (o‘rinbosar)laridan biri bir vaqtning o‘zida ularning tumandagi tegishlicha hududiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun biriktiriladi;

k) Direksiya direktoriga quyidagi vakolatlar beriladi:

xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari bilan investitsiya, kredit, moliyaviy yordam va grantlar jalb etish bo‘yicha kelishuvlar (memorandum, shartnomalar) tuzish;

tumanda joylashgan yer uchastkalari va davlat mulki ob’ektlarini realizatsiya qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

hududda joylashgan davlat mulki ob’ektlarini garovga qo‘yish orqali kreditlar olish va jalb qilish;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida nufuzli konsalting kompaniyalari, hududda barpo etilayotgan yirik ob’ektlarni loyihalash va qurilish ishlariga nufuzli xorijiy loyiha va pudrat kompaniyalar hamda malakali ekspertlarni jalb qilish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida erkin turistik zona hududida yashil zonalarni tashkil qilish, ayrim hududlarda esa tabiatga zarar keltiradigan xo‘jalik faoliyatini, shu jumladan, chorvachilik, dehqonchilik, yangi sanoat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish taqiqlangan zonalarni belgilash;

aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan ayrim davlat xizmatlarini autsorsing tizimi asosida tashkil etish;

aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq davlat mulki ob’ektlari bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’ektlarni ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida boshqaruv kompaniyalariga berish.

3. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

a) Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

tumanning turistik infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan birinchi bosqichda ajratiladigan 20 million AQSH dollari miqdoridagi kredit. Bunda, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ikkinchi bosqichda kredit ajratilishi mazkur Farmon bilan belgilangan vazifalar to‘liq bajarilgan va aniq natijalarga erishilgandan so‘ng amalga oshiriladi;

tuman hududida joylashgan davlat mulki ob’ektlari hamda yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar (savdoga chiqarish va sotish bilan bog‘liq xarajatlardan tashqari);

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti Direksiyaga 20 yil муddaтga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davрнi hisobga olgan holda, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR+3 foizda ajratiladi;

v) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining jalb qilinadigan krediti va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash Jamg‘arma tushumlari, tumanning mahalliy byudjeti qo‘shimcha manbalari, yetmagan qismini respublika byudjeti hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

4. Belgilansinki:

a) Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yo‘l, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr tarmog‘i infratuzilmalarini yaxshilash, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish;

energiyaning muqobil va qayta tiklanadigan manbalarini qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;

ko‘kalamzorlashtirish, yashil hududlar va parklarni yaratish, chiqindilarni qayta ishlash, obodonlashtirish, atrof muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish bilan bog‘liq zamonaviy yechimlarni joriy etish;

loyihalashtirish va konsalting kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda boshqaruvchi kompaniyalar xizmatlari uchun haq to‘lash;

tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun jalb qilingan kreditlarni qaytarish, ularning foiz stavkalarini qoplash;

Direksiya faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, joylashtirish, asosiy vositalar, anjomlar, transportlar bilan ta’minlash;

erkin turistik zonaning Ma’muriy kengashi tomonidan belgilanadigan xarajatlarni qoplash;

Direksiyaga yuklatilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash;

b) Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Jamg‘arma mablag‘larini taqsimlovchisi hisoblanadi;

v) Jamg‘arma mablag‘larining daromadlar va xarajatlar smetasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi;

g) Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lari tijorat banklari depozitlariga joylashtiriladi.

5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq, istisno tariqasida, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:

tumanda litsenziya va ruxsatnoma berishdan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarimadan respublika va viloyat mahalliy byudjetiga tushadigan mablag‘lar va bojlar to‘liqligicha tuman mahalliy byudjetiga;

tuman hududida joylashgan davlat mulki ob’ektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish xarajatlaridan tashqari), shuningdek, yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar to‘liq Jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

6. Belgilansinki, tumanning o‘ziga xos turistik qiyofasini yaratish va aholi turar joylarini zamonaviy infratuzilma asosida qayta barpo etish maqsadida mazkur hududda joylashgan aholi turar joylarini rekonstruksiya qilish (bino tashqi fasadi va tomlarini o‘zgartirish, qayta qurish, turizm xizmatlarini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunlar, mebel va inventarlar bilan jihozlash) uchun kreditlar, shu jumladan, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

7. Alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi davrida tuman hokimligi faoliyatining samaradorligi quyidagi asosiy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi:

aholi bandligi va daromadlarini oshirish;

ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish;

ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, shu jumladan, ta’mirtalab ta’lim, tibbiyot tashkilotlarini zarur anjomlar, buyumlar, aloqa va kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlash;

tuman iqtisodiyotiga investitsiyalarni, xususan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi hamda mahsulotlar (xizmatlar) eksportini oshirish;

tadbirkorlikni rivojlantirish orqali mahalliy byudjetning daromadini ko‘paytirish, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini kamaytirish;

yo‘l-transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda axborot-telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish;

ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, shu jumladan, chiqindilarni zamonaviy utilizatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish.

Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda tuman hokimligi faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlasin.

8. Tuman hokimligiga quyidagi qo‘shimcha asosiy ustuvor vazifalar yuklansin:

ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish;

xususiy sektorda turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida keng targ‘ib qilish;

zamonaviy turistik infratuzilma ob’ektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar, restoran va kafelar hamda turistik ahamiyatdagi boshqa ob’ektlar)da turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni ta’minlagan holda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish;

tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish va loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shu jumladan, turizmni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalarini zonalar va lotlarga ajratish ishlarini tashkil etish;

tumanning turistik salohiyatini rivojlantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;

turistik infratuzilmani rivojlantirish hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratish;

transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yo‘nalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirishni ta’minlash;

turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini tumanda diversifikatsiya қiлiнiшiнi ta’minlash;

respublika ichida turizm xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirishga yo‘naltirilgan turizm faoliyati sub’ektlarining faolligini rag‘batlantirishni ta’minlovchi tumanning ichki turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish;

tashrif buyurgan turistlarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

energiyaning muqobil va qayta tiklanadigan manbalarini qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish;

tumanda istiqomat qiluvchi aholini turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash choralarini ko‘rish;

tumanda ishlab chiqilgan turizm mahsulotlarining xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib қiлiнiшiнi ta’minlash, tumanning sayohat va dam olish uchun xavfsiz hudud sifatidagi imijini mustahkamlash;

xalqaro reytinglarga asosan turizmni rivojlantirishga yetakchi xorijiy mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Fransiya, Ispaniya, Shveysariya, Yaponiya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardan mutaxassislarni jalb qilish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etgan holda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish sport bazalarini hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalari o‘tkazishga mo‘ljallangan yozgi va qishki sport ob’ektlari va inshootlarini barpo etish choralarini ko‘rish;

tumandagi sport bazalari hamda sport ob’ektlari va inshootlaridan samarali foydalanilishini ta’minlash, sport turlari bo‘yicha mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini, shuningdek, nufuzli xalqaro sport musobaqalarini tashkil etish orqali sport turizmini rivojlantirish;

ommaviy va professional sportni, shu jumladan, yozgi va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;

turistik va ijtimoiy infratuzilma hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishga xalqaro moliya institutlari grantlari va mablag‘larini jalb etish hamda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish.

9. Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

a) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

investitsiyalarni, ayniqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb etish, tumanning eksport salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash hamda sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish;

tumanda yangi turistik va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, shu jumladan, mehmonxona, umumiy ovqatlanish, madaniy ko‘ngilochar maskanlari, dam olish va sayil qilish uchun yashil zonalar, parklar sonini keskin ko‘paytirish, sohada yangi xizmatlar turlarini kengaytirish, transport va logistikani rivojlantirish;

yo‘l-transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish;

tumanning barcha hududlarida, shu jumladan, tog‘li va olis qishloqlarida axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish, axborot, aloqa, internet xizmatlari sifatini oshirish;

ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish orqali aholi turmush tarzini yaxshilash;

b) ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish yakunlari bo‘yicha mazkur Farmonda belgilab berilgan vazifalarni to‘liq amalga oshirish uchun 2020 yil 1 dekabrga qadar tumanda mutlaqo yangi o‘zini o‘zi boshqarish tizimini joriy etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.

10. Quyidagilar:

tuman hokimligi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 32 nafardan iborat boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

tumandagi davlat organlari va tashkilotlarining bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining soni 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tuman hokimiga tuman hokimligi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Direksiya direktori taklifiga asosan boshqaruv apparati tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

11. Belgilansinki, Direksiyaning boshqaruv tuzilmasi, uning xodimlari cheklangan soni, ularning mehnatiga haq to‘lash miqdorlari va tartibi erkin turistik zonaning Ma’muriy kengashi tomonidan belgilanadi.

12. Tumanda amalga oshiriladigan islohotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati tarkibida 3 ta shtat birligidan iborat Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish sho‘’basi tashkil qilinsin.

Sho‘’ba shtat birliklari Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamentining 3 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantirilishi belgilansin.

13. Toshkent viloyati tabiatini muhofaza qilish, yer va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududning ekologik holatini yanada yaxshilash hamda ekoturizmni rivojlantirishga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan samarali nazoratni tashkil etish hamda yer maydonlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi hamda noqonuniy ob’ektlar qurilishining oldini olish maqsadida:

davlat organlarining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga 10 ta shtat birligini ajratish orqali Bosh prokuratura tizimida Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etilsin;

Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tuman hududida joylashtirilsin.

14. Belgilansinki, mazkur Farmonning 2-ilovasiga muvofiq davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘linmalariga qo‘shimcha ajratilayotgan boshqaruv xodimlari, shuningdek, yangi tashkil qilinayotgan davlat organlari va tashkilotlari boshqaruvi xodimlari soni tegishlicha Toshkent viloyati bo‘yicha hokimiyat, qurilish, adliya, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari hududiy bo‘linmalarining tegishli shtat birligini maqbullashtirish hisobidan to‘ldiriladi.

15. Adliya vazirligi tuman hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda konsultantlarni jalb qilgan holda davlat boshqaruvi organlari vakolatlarining funksional tahlili asosida ma’muriy-boshqaruv jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishlarining samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi tumandagi boshqaruv tiziminitubdan takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Tuman hududida atrof-muhitni ifloslantiradigan zararli sanoat korxonalarini barpo etish qat’iyan man etilsin.

17. Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:

ikki oy muddatda tuman hududidagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari va yer uchastkalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin hamda ularning elektron ma’lumotlar bazasini yangilash choralarini ko‘rsin;

bir oy muddatda Qurilish vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik hamda noqonuniy ob’ektlar qurganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Quyidagilarga:

a) Direksiya so‘rovlariga asosan erkin turistik zona hududida investitsiya loyihalarini dastlabki joylashuvini va rejalashtirish ishlarini amalga oshirish uchun o‘z elektron geofondlaridan:

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi – davlat o‘rmon kadastri toifasiga kiruvchi ob’ektlar bo‘yicha;

“O‘zGASHKLITI” DUK – davlat shaharsozlik kadastri toifasiga kiruvchi ob’ektlarning muhandislik-geologik qidiruvlar ishlari va topografik xaritalar bo‘yicha ma’lumotlarni elektron tarzda (bepul) yoki nusxa ko‘chirish orqali (to‘lov sifatida faqat nusxa ko‘chirish xarajatlari olinadi) Direksiyaga ochiq ma’lumotlar shaklida taqdim etishiga;

b) Direksiyaga erkin turistik zonaning infratuzilmasini rivojlantirish uchun, shuningdek, tumanning turistik salohiyati to‘g‘risida foto va videomateriallarni tayyorlash maqsadida uchuvchisiz uchish apparatlarini (dronlarni) sotib olish va ulardan foydalanishga ruxsat berilsin.

18. Qurilish vazirligi hamda “ToshkentboshplanLITI” DUK 2021 yil 1 fevralga qadar mahalliy va xorijiy loyiha institutlarini, shuningdek, maslahatchilarni jalb qilgan holda tuman hududining batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.

Moliya vazirligi o‘n kun muddatda erkin turistik zona hududining batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish uchun Jamg‘armaga 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

19. Davlat organlari va tashkilotlari ikki oy muddatda byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan tuman bo‘linmalari bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, zaruratga ko‘ra, yangi bino qurish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rsin.

20. Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

a) o‘n kun muddatda:

“Tog‘li joylarda turistik infratuzilmani rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”;

“Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti majmuasini qurishning 2-bosqichini amalga oshirish to‘g‘risida”;

“Bo‘stonliq tumanidagi bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan hamda samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlar va yer uchastkalaridan samarali foydalanish, ular negizida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarorlarini qabul qilsin;

b) ikki oy muddatda erkin turistik zonada yangi istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshirilishini hisobga olgan holda uning chegaralarini kengaytirish yuzasidan belgilangan tartibda tegishli qaror qabul qilsin;

v) joriy yil yakuniga qadar “Oksok ota” va “Nurek ota” daryolari atroflari bo‘ylab turistik ob’ektlarni barpo etish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yo‘l, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr va aloqa tarmog‘i infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini keng yoritish choralarini ko‘rsin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 dekabrdagi “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF–5273-son Farmoniga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

23. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlikva idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.A.Abduhakimov 2020 yil 20 dekabrga qadar ushbu Farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritsin.

25. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 27 avgust


Maqola muallifi

Teglar

turizm Bo'stonliq tumani

Baholaganlar

21

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing