Prezident Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
20:49 555 2 daqiqa
Bugun, 9 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Britaniya iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri, lord Anas Sarvarni qabul qildi.
Suhbat avvalida lord Sarvar davlat rahbariga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Byornemning samimiy salomi va maxsus maktubini yetkazgan.
O‘zaro manfaatli sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, barcha darajalardagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Mamlakatda 260 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining ilk IPO’si muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Moliya sohasida “Standard Chartered” banki, neft-gaz tarmog‘ida esa “British Petroleum” kompaniyasi faol ish olib bormoqda.
Uchta qo‘shma oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgan, Kembrij universiteti bilan hamkorlikda Prezident maktablari ishga tushirilgan. Britaniyalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish, energetika, moliya, geologiya, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda yangi loyihalarni ilgari surish, buni, jumladan, Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ishtirokida amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan.
Buyuk Britaniya tomoni Toshkent shahrida “ingliz huquqi” tamoyillari asosida ishlaydigan Xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirgan.
Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Live
Barchasi